Ichimlik suvi tа’minoti tiklаndi

O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Beshariq tuman jamiyati tomonidan Yosh avlod ko`chasida yashovchi fuqaro B.Tursunovning xonadonidagi tarmoqqa bir haftadan buyon toza ichimlik suvi kelmayotganligidan norozi bo`lib Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o`rganildi.

Biz yashab turgan hududdagi ko`plab xonadonlarga toza ichimlik suvi kelmay qoldi. Bu borada mahalla fuqarolar yig`iniga qilgan murojaatimdan natija bo`lavermagach, Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qildim,deydi B.Tursunov.

Murojaatni to`laqonli o`rganib chiqilishini taʼminlash maqsadida o`rganish ishlariga soha mutaxassislari ham jalb qilindi. Joyida o`tkazilgan o`rganishlardan maʼlum bo`lishicha, o`sha kunlarda ob-havoda kuzatilgan keskin o`zgarishlar oqibatida elektr taʼminotida tez-tez uzilishlar sodir bo`lgan. Natijada hududni toza ichimlik suvi bilan taʼminlab beruvchi suv nasosi ishlamay qolgan. Yuzaga kelgan holat bartaraf etilib, ishdan chiqqan suv nasosini vaqtinchalik boshqa nasosga almashtirish ishlari esa biroz kechikkan.

O`rganish ishlari davomida mazkur suv nasosi “Farg`ona suv taʼminoti” MChJ Beshariq tuman filiali masʼullari tomonidan yangisiga almashtirilib, aholi xonadonlariga toza ichimlik suvini bir maromda yetkazib berilishiga erishildi. Shuningdek, toza ichimlik suvini hisoblagichlarsiz va oylik meʼyoriy to`lov asosida isteʼmol qiladigan xonadonlardagi isteʼmolchilar o`rtasida turli tushunmovchiliklar va noroziliklar kelib chiqmasligi uchun, hududda nasos ishdan chiqib, suv yetkazib berilmay turilgan kunlar qayta hisob-kitob qilinib, mazkur xonadonlarning oylik to`lovlaridan chegirib tashlanadigan bo`ldi.

Bizning pandemiya sharoitida qilgan murojaatimizni o`z vaqtida o`rganib chiqib, ijobiy hal etilishida o`zlarining beminnat mehnatini ayamagan tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari va tuman ichimlik suvi yetkazib beruvchi tashkiloti masʼullariga o`z minnatdorchiligimizni izxor etamiz,deydi murojaatini o`rganish natijalari bo`yicha tuman jamiyatiga bergan minnatdorchilik xatida B.Tursunov. Murojaatimimzni ijobiy hal etilishi natijasida bugun nafaqat mening xonadonim, balki shu tarmoqdan suv isteʼmol qiluvchi 17 ta xonadonga ham toza ichimlik suvi taʼminoti tiklandi.
Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan fuqaro murojaatini o`rganilishi doirasida har ikki tomon, ichimlik suvini yetkazib beruvchi korxona masʼullari va hudud fuqarolariga isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi qonunchilik asoslarining targ`iboti ham o`tkazildi.

Ulug`bek JURАEV
Beshariq tuman IHHQ jamiyati bosh mutaxassisi