Nuroniy otаxon uchun qo`shimchа qulаyliklаr yarаtib berildi

Oltiariq tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan “Oltiariq” keksalar va nogironlar, urush va mehnat faxriylari sihatgohida sog`ligini tiklayotgan, Xorazm viloyati Xonqa tumanida yashovchi 80 yoshli O.А.ning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti ishonch telefoniga qilgan murojaati o`rganildi.

Otaxon o`z murojaatida mazkur sihatgohning oshxonasida tayyorlanayotgan ayrim taomlar sifatidan noroziligini bildirgandi. Shuning uchun dastlab sihatgoh oshxonasida taomlar tayyorlanishi jarayonlari, oshxonada taomlarga ishlatilayotgan masalliqlar va ularni saqlash sharoitlari, dam oluvchilar taomlanadigan joy va uning bugungi kun talablariga javob berishi, oshxona va uning hududida taomlanuvchilarga turli infektsiya hamda yuqumli kasalliklar yuqishini oldini olish borasida ko`rilayotgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishildi. Natijalar sihatgoh masʼullari tomonidan bu borada yetarli chora-tadbirlar ko`rilayotganligini ko`rsatdi.

Shundan so`ng keksa otaxon hamda unga biriktirilgan shifokor bilan suhbatlashildi. Maʼlum bo`lishicha, oshxonada tayyorlanayotgan ikkinchi taomlardan ayrimlari, xususan palov otaxonning oshqozoniga biroz og`irlik qilib, ovqat qiyinroq hazm bo`lishi natijasida uning bezovtalanishiga sabab bo`layotgan ekan. Suhbat asnosida otaxon oshxonaga borib kelishga ham biroz qiynalayotganligini qo`shimcha qildi.

Yuqoridagilardan, shuningdek dam oluvchining yoshi, sog`ligi holatidan kelib chiqib, uning joriy holatiga mos keluvchi taomlar menyusi bo`yicha sihatgoh mutaxassisi tavsiyasi berildi, shuning bilan birgalikda uning 4 mahal ovqatlanish uchun oshxonaga kelib ketishda biroz qiynalayotganligi sababli taomlarni xonasiga olib kelib beriladigan bo`ldi.

Murojaatini o`rganish ishlarini tugatib qaytar ekanmiz, otaxon uning sog`ligini mustahkamlab olishi uchun hissa qo`shayotgan barchaga o`z minnatdorchiligini izxor qilib qoldi.

Baxtiyor Аbduraxmonov
Oltiariq tumani IHHQ jamiyati raisi, tuman Kengashi deputati