Noqulаylik bаrtаrаf etildi

Oʼzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg`ona tuman jamiyati tomonidan Toshkent shahrida yashovchi, hozirda Farg`ona tumani hududida joylashgan “Chimyon chashmasi” sihatgohida sog`ligini tiklayotgan F.R.Inagamovaning sihatgohdagi joylashgan xonasining sovuqligi, uning joriy sog`ligi holati va olishi lozim bo`lgan davo muolajalari mazkur sharoitga to`g`ri kelmasligini maʼlum qilib, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining ishonch telefoniga uning qizi F.B.Inagamova qilgan murojaat o`rganildi.

Maʼlum bo`lishicha, murojaat egasi onasini joriy yilning 6 oktyabr soat 14-30 larda sihatgohga olib kelgan, onaxonni sihatgohning 4-qavatidagi 403-xonaga joylashtirishgan. Xona haqiqatda biroz sovuqroq bo`lgan. Sababi shu kunlarda hududimizda havo haroratining pasayishi kuzatilgan, lekin joylarda markaziy va mahalliy qozonxonalar orqali issiqlik energiyasini uzatilishi hali boshlanmagan edi. Havo haroratining pasayishi sababli sihatgoh maʼmuriyati 6 oktyabr kuni kechga yaqin isitish qozonxonalari (kotyollari)ni ishga tushirgan. Isitish tizimlarini to`liq ishga tushib ketishi esa biroz vaqt talab qiladigan jarayon. Ertasiga onaxonni binoning isitish tizimining taʼsiri sezilarli bo`lgan hamda fizioterapevtik muolajalarini olish xonalariga yaqinroq bo`lgan 2-qavati 206-xonasiga ko`chirilgan va qo`shimcha ravishda isitish pechi bilan taʼminlangan.
Murojaatni o`rganish jarayonida onaxon bilan suhbatlashib, undan sharoitlar xususida so`rab-surishtirdik. U hozirda joylashgan xonasidagi sharoitlar, unga ko`rsatilayotgan eʼtibordan mamnunligini maʼlum qildi.

O`rganish ishlari jarayonida sihatgoh masʼullariga isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi qonunchilik targ`iboti o`tkazilib, har bir dam oluvchiga munosib shart-sharoitlarni yaratib berish, kuz-qish mavsumini talofatlarsiz o`tkazib olish borasidagi taklif va tavsiyalar berildi.

Jahongir Nishonboev
Farg`ona tumani IHHQ jamiyati bosh mutaxassisi