Аvtomobil uchun sotib olingan yangi ehtiyot qismida nuqson chiqdi

Federatsiyaning Marg`ilon shahar jamiyati tomonidan Yangi Farg`ona ko`chasida yashovchi Z. Maxmudovaning murojaati o`rganildi.

Murojaat muallifiga ko`ra, Temiryo`l shohbekati hududiga joylashgan avtomobillarga ehtiyot qismlari savdosi bilan shug`ullanuvchi savdo do`konidan 1 350 000 (bir million uch yuz ellik ming) so`mga o`zining  DАMАS rusumli avtouloviga orqa ko`prik (Zadniy most) sotib olgan, lekin sotib olinib, avtomobilga o`rnatilgan ehtiyot qismdan ovoz chiqib qolganligi sababli sotuvchiga murojaat qilganida, u ehtiyot qismni almashtirib berishdan bosh tortgan.
Isteʼmolchining murojaatini to`laqonli o`rganilishini taʼminlash maqsadida o`rganish ishlariga shahar Davlat soliq inspektsiyasidan ham mutaxassislar jalb qilindi.
O`rganuv ishlari davomida yuqoridagi manzilda faoliyat ko`rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor M.Xoliqov, o`z ixtiyoriga ko`ra, sotib olingan nuqsonli tovarni boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berishini maʼlum qilib, isteʼmolchidan keltirilgan noqulaylik uchun uzr so`radi.
Murojaatni o`rganish doirasida sotuvchilar hamda shu joyda hozir bo`lgan fuqarolarga O`zbekiston Respublikasining Soliq Kodeksi, «Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida»gi hamda «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida»gi qonunlari mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berilib, qonunchilik targ`iboti ham o`tkazildi.
Mening savdo do`konidan sotib olinib, keyinchalik nuqsoni aniqlangan avtomobil ehtiyot qismini almashtirib berilmayotganligidan norozi bo`lib qilgan murojaatimni shahar soliq idorasi va jamiyat mutaxassislari tomonidan o`rganib chiqilishi natijalaridan qoniqish hosil qildim. Ularning aralashuvi bilan nuqsonli ehtiyot qism boshqa xuddi shunday rusumdagi ehtiyot qismga almashtirib berildi, – deydi Z.Maxmudova o`rganish natijalariga ko`ra shahar jamiyatiga bergan minnatdorchilik xatida. – Buning uchun Federatsiya tizimidagi barcha xodimlarga o`z minnatdorchiligimni bildiraman. Mustaqil O`zbekistonimizning gullab-yashnashi yo`lidagi mehnatlaringizda ulkan zafarlar tilab qolaman.

Аʼzamxon Maxammadiev
Marg`ilon shahar IHHQJ matbuot va axborot bo`yicha mutaxassisi