Farg`ona shahrida “Isteʼmolchilar uyi” ochildi

Barchamizga maʼlumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 13 sentyabrida «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to`g`risida»gi PQ-3271-sonli qarori qabul qilinib, qarorda bugungi kunda mamlakatimizda 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha soha va tarmoqlarda ulkan o`zgarishlar amalga oshirilayotganligi, bu borada jamiyat hayotida ezgu qadriyat va anʼanalarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg`usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo`lgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotganligi alohida taʼkidlab o`tildi.

Ushbu yo`nalishda tegishli huquqiy-meʼyoriy bazani mustahkamlash, tashkiliy-amaliy ishlarni zamon talablari asosida olib borish, bu masalaga keng jamoatchilikni jalb etish boʼyicha keyingi paytda birmuncha ishlar amalga oshirilayotganligi eʼtirof etib o`tilib, ayni vaqtda o`tkazilgan kuzatish va tahlillar bu sohada o`z yechimini kutayotgan bir qator dolzarb muammolar borligi va ularni keng ko`lamda hal etish zarurligini ko`rsatayotganligi, xalqimiz, avvalo, yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, joylarga, taʼlim muassasalariga vaqtida va maqbul narxlarda yetkazish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, farzandlarimizda bolalikdan boshlab kitob, jumladan, elektron kitob o`qish ko`nikmasini shakllantirish, jamiyatimizda mutolaa madaniyatini yuksaltirish bilan bog`liq muhim masalalarni hal etish dolzarb vazifa bo`lib qolayotganligiga ham alohida urg`u berib o`tildi.
Qaror eʼlon qilinganidan hech qancha vaqt o`tmay, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yana bir tashabbus ilgari surildi. Bu «Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo`yicha beshta muhim tashabbus» bo`ldi. Undan ko`zlangan maqsad yoshlarimizga bo`lgan eʼtiborni yanada kuchaytirish, ularni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko`nikmalarini shakllantirish, yurtimiz yoshlari o`rtasida kitobxonlikni targ`ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirishdan iborat.
Haqiqatan ham, turli ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi dunyo manzaralarida yoshlarimizning maʼnaviy immunitetini kuchaytirish, ularning bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazish har qachongidan ham dolzarbroq ekanini zamonning o`zi ko`rsatib turibdi. Shu bois prezident tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, O`zbekiston huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan joylarda “Isteʼmolchi kutubxonasi”, “Isteʼmolchilar uyi” loyihalarini amalga oshirish bo`yicha keng ko`lamli ishlar rejalashtirib olindi. Loyiha doirasida hozirgacha barcha viloyatlar hududlarida – Oltiariq, Qiziltepa, Rishton, Sariosiyo, Uzun, Bog`dod, Farg`ona, Koson, Olot, Dehqonobod va Marg`ilonda 11 ta barcha qulayliklarga ega bo`lgan, ko`rkam va shinam majmualar bunyod etildi. Yil oxiriga qadar yana 9 ta ana shunday maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari ishga tushiriladi. Ularda yuzga yaqin yosh o`g`il va qizlarning ish bilan taʼminlanishiga erishildi.
Bugun yuqoridagi loyihalarning uzviy davomi bo`lgan Farg`ona shahrida ham zamonaviy uslubda qurilgan, o`ziga xos innovatsion yechimga ega bo`lgan “Isteʼmolchilar uyi” binosining tantanali ochilishi marosimi bo`lib o`tdi. Mazkur majmuaning birinchi qavati “Isteʼmolchi kutubxonasi”, ikkinchi qavati esa Farg`ona shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati idorasidan iborat yaxlit kompleksni tashkil etadi. Shuningdek, “Isteʼmolchi kutubxonasi”da Аhmad Farg`oniy nomidagi Farg`ona viloyat Аxborot-kutubxona markazi bilan hamkorlikda 50 ming nusxadan ortiq kitoblarning elektron bazasi ham shakllantirilgan.
Ochilish marosimida Farg`ona shahar hokimi Hamidjon Xabibidinov, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senat aʼzosi, Farg`ona viloyat Yozuvchilar uyushmasi raisi Enaxon Siddiqova, O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqovlar so`zga chiqdilar.
Shundan so`ng mehmonlar “Isteʼmolchilar uyi“ va unda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdilar.

Hududiy birlashma Аxborot xizmati