O`n million so`mga sotib olingan Аyfonda nuqson chiqdi

Bag`dod tumani isteьmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Rishton tumani Bobur ko`chasida yashovchi fuqaro B.Boboxo`jaevning murojaati o`rganildi.

Murojaatda bildirilishcha, fuqaro Bag`dod tumani markazida joylashgan “Texnomart” savdo markazidan umumiy qiymati 9980000 (to`qqiz million to`qqiz yuz sakson ming) so`m bo`lgan Аyfon 12 rusumli mobil aloqa telefoni olgan. Biroq undan foydalanish jarayonida ovoz chiqarish qurilmasida nuqsoni borligi aniqlanib, savdo markaziga almashtirish maqsadida kelgan. Lekin isteʼmolchining nuqsonli mahsulotni almashtirish talabi rad qilinib, sotuvchi nuqsonli tovar almashtirilmasligi, balki servis markazida taʼmirlab berilishini tushuntirish berish bilan cheklangan.

Аmaldagi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunning 13-moddasida nuqsonli tovar sotilganda, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o`tilmagan bo`lsa, isteʼmolchi o`z hohishiga qarab nuqsonli tovarni almashtirish, tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish, shartnomani bekor qilib ko`rilgan zararni qoplash (pulini qaytarib olish) va boshqa shu kabi talablarini qo`ya oladi. Аgar bu holda tovarni almashtirish talabi qo`yilsa, qonunning 14-moddasiga muvofiq, sotuvchi isteʼmolchi talab qo`ygan paytdan eʼtiboran yetti kun ichida uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga almashtirib berishi kerak. Ushbu muddatga amal qilmaslik, sotuvchining o`tkazib yuborilgan har bir kun uchun tovar bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to`lashiga sabab bo`lishi mumkin.

Murojaatni o`rganish ishlari davomida sotuvchiga yuqoridagi holatlar tushuntirildi. Tovar uchun naqd pulda to`langanligi, oldi-sotdi amalga oshirilgach isteʼmolchiga kassa cheki berilganligi, kafillikni bildiruvchi kafolat talonlarini lozim darajada to`ldirib berilganligi kabi holatlarning barchasi o`rganish ishlarini o`tkazuvchi mutaxassislarning nazaridan chetda qolmadi. Natija esa ishni isteʼmolchi foydasiga hal etilishi bilan yakun topdi.

Murojaatini o`rganish ishlaridan qoniqish hosil qilgan isteʼmolchi B. Boboxo`jaev tuman jamiyati mutaxassislariga minnatdorchilik izxor qilar ekan, O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizimidagi tashkilotlar faoliyati, bugungi kunda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ro`yobga chiqarishda jamoatchilik nazoratining tutayotgan o`rni va ahamiyati, buning natijasida erishilayotgan natijalar haqida o`zining iliq fikrlarini bildirdi.

Dilorom Mirzaeva
Bag`dod tuman IHHQ jamiyati matbuot va
axborot mutaxassisi