Noto‘g‘ri ma’lumot zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lgan

Quva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Baraka qishlog‘ida yashovchi B.Ismonovning sotib olingan suv nasosini talab darajasida ishlamayotganligi borasidagi murojaati o‘rganildi.

Murojaatda keltirilishicha, u suv nasosini Rasta buyum bozorida joylashgan savdo do‘konidan bir yillik kafolat muddati bilan 1 800 000 (bir million sakkiz yuz ming) so‘mga sotib olgan. Biroq uyga olib kelinib foydalanish jarayonida, suv nasosi uning texnik xarakteristikasi talablarida ko‘rsatilgan hajmlardagi ishni bajara olmayotganligi kuzatilgan. Iste’molchi mazkur tovarni sotuvchiga qaytarib olib kelib, holatni tushuntirgach, boshqasiga almashtirishni, bo‘lmasa puli qaytarilishini so‘ragan. Sotuvchi uning talabini bajarishga rad javob bermagan bo‘lsada, qonuniy talabni bajarishni paysalga solib kelgan.

Amaldagi qonunning 7-moddasida tovar haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilishi natijasida zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilib, o‘ziga yetkazilgan zararni qoplanishini talab qilishga haqliligi belgilab qo‘yilgan. Demak, yuqoridagi holatdan kelib chiqilsa, suv nasosi iste’molchiga berilgan ma’lumotdagi darajada ish hajmini bajara olmasligi, zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lgan, deyishga asos bo‘la oladi.

Murojaatni o‘rganish ishlari davomida sotuvchiga ushbu holatlar va yuzaga kelgan holatda o‘zining majburiyatlarini bajarmasligi ortidan kelib chiquvchi huquqiy ta’sir choralari to‘g‘risida tushuntirishlar berilgach, sotuvchi suv nasosini xuddi shunday markadagi maqbul sifatdagisiga almashtirib berdi. Natijada iste’molchining salkam ikki million so‘m puliga kuyib qolishini oldi olindi.

Feruza Umurzaqova
Quva tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi