Iste’molchi o`ziga taklif etilgan yangi avtomobildagi nuqsonlar sabab uni qabul qilishdan bosh tortdi

Farg‘ona shahar Zebo ko‘chasida istiqomat qiluvchi A.S. O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasining ishonch telefoniga murojaat qilib, unga taklif qilinayotgan avtomobilda nuqson borligi va lekin avtosalon tomonidan avtomobilni boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berilmayotganligidan shikoyat qilgan.

Iste’molchi o‘z murojaatida ma’lum qilishicha, “GENTRA” rusumli avtomobilni xarid qilish uchun “Avtotexxizmat-F” avtosaloniga 115 607 000 (bir yuz o‘n besh millon olti yuz yetti ming) so‘m to‘lovni, ya’ni 100 foizlik oldindan to‘lovni amalga oshirgan. Lekin unga taklif etilgan avtoulovda nuqsonlar borligi (eshiklari choklari bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi, avtoulovni old qismi bamperida bo‘yoq ko‘chganligi va x.k) sababli qabul qilmagan. Avtosalon xodimlari esa unga ana shu avtomobilni qabul qilib olishini, nuqson esa o‘z ustalari tomonidan bartaraf etib berilishini bildirishgan.

Amaldagi «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, iste’molchi shartnoma tuzish yo‘li bilan tovarlarni erkin sotib olishga haqli bo‘lib, bunda sotuvchi iste’molchiga maqbul sifatli tovarni mulk topshirish majburiyatini, iste’molchi esa shartlashilgan pulni to‘lab berishni o‘z zimmalariga oladilar. Shu moddaga ko‘ra, iste’molchi sotib olinayotgan tovarni sifatini va butligini tekshirib olish huquqiga ham ega. Demak, iste’molchi shartlashilgan pulni to‘lash bilan o‘z majburiyatini to‘liq ado etgani holda, tovarning sifati va butligi yuzasidan o‘zining haqli e’tirozlarini ham bildirgan.

Mazkur murojaat Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga kelib tushgach, jamiyat xodimlari R.Maradjapov va Sh.Oxunovlar tomonidan tezkorlik bilan o‘rganib chiqildi. Avtosalon mas’ullari bilan uchrashilib, ularga amaldagi qonun va qonunosti me’yoriy hujjatlari targ‘iboti o‘tkazildi. Natijada iste’molchiga maqbul sifatdagi “GENTRA” rusumli avtoulov taqdim etillishiga erishildi.

Murojaatini o‘rganish natijalaridan qoniqish hosil qilgan iste’molchi O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan jonkuyar xodimlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Baxodirxon Usmonov
Farg‘ona shahar IHHQ jamiyati bosh mutaxassisi