Salqinlantiruvchi ichimliklar savdosi qay ahvolda?

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining «Jamoatchilik monitoringi o‘tkazish to‘g‘risida»gi buyrug‘i bilan uning hududiy ijro etuvchi organlari zimmasiga hududlardagi do‘konlar, yo‘llar yoqasi, turli ko‘ngilochar va dam olish maskanlari atrofida ko‘chma savdo bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan salqin ichimlik mahsulotlarini realizasiya qilishda, ushbu mahsulot turini realizasiya qilish uchun tegishli ruxsat beruvchi hujjatlarning mavjudligi, sotilayotgan mahsulotning sifat nazorati va sanitariya-gigiena talablari, shuningdek chakana savdo qoidalariga muvofiqligi yuzasidan jamoatchilik nazorati tartibida jamoatchilik monitoringi (kuzatuv-o‘rganishi)ni o‘tkazish vazifasi yuklatilgan.

Belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hududlardagi boshqarmalari bilan hamkorlikda mazkur kuzatuv-o‘rganish ishlari o‘tkazib borilmoqda.

Ma’lumki, amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida» qonunning 4-moddasida iste’molchilarning asosiy huquqlari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, unga ko‘ra, iste’molchilar tovar haqida, shuningdek, uning ishlab chiqaruvchisi (sotuvchisi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, tovarlarni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishi, tovarlarning xavfsiz bo‘lishi kabi huquqlarga egadirlar. Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi)lar esa iste’molchilarning ana shu huquqlarini ta’minlab berishlari shart. Shuning bilan birgalikda, qonunning 12-moddasiga ko‘ra, iste’molchi o‘zi sotib olgan tovar (ish, xizmat) sanitariya-gigiena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo‘lishiga va uning hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega.

Shu nuqtai nazardan, Federatsiyaning Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi hamda viloyat sanitariya-epidemiologiya va jamoat salomatligi boshqarmasi mas’ullaridan iborat Ishchi guruhi hududdagi do‘konlar, yo‘llar yoqasi, turli ko‘ngilochar va dam olish maskanlari atrofida salqinlantiruvchi ichimliklarni sotishda qonunning amaldagi talablariga qay darajada rioya etilayotganligi holatlarini o‘rganish ishlarini olib bormoqda, shuning barobarida, sotuvchilarga amaldagi tartib-qoidalar to‘g‘risida ham atroflicha tushuntirishlar berib bormoqda.

Asosiy maqsad, iste’molchilarga to‘g‘ri tanlov uchun sharoit yaratib berish, butun dunyoda davom etayotgan koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi va xizmat ko‘rsatuvchilarning ogohligini ta’minlash, aholi o‘rtasida turli yuqumli kasalliklar tarqalishini oldini olishga hissa qo‘shishdan iboratdir.

Hududiy birlashma Axborot xizmati