Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida nima muammolar bor?

Joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlariga ichimlik suvi ta’minoti masalalarida jami 48 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shularning 8 tasi Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoni vositasida qabul qilingan bo‘lsa, 40 tasi esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Federatsiyaning viloyatdagi hududiy ijro etuvchi organlariga yozma va og‘zaki ravishda qayd qilingan. O‘tgan yilning mos davrida bu boradagi murojaatlar soni 24 tani tashkil qilgandi. Bundan kelib chiqadiki, ichimlik suvi ta’minoti masalalarida iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar soni teng baravarga ortgan. Misollarga to‘xtalamiz.
Qarzi bor deyilgan edi, haqdor bo‘lib chiqdi
To‘risini tan olish kerak, ko‘pchiligimizga elektr, gaz yoki suv ta’minoti idorasidan 20000 so‘m qarzing bor, deyishsa judayam xavotirga tushmaymiz. “Ha, bo‘ptida, to‘lab qo‘yamanda”, deb xotirjamlikka berilamiz. Lekin Farg‘ona shahrida yashovchi L. Dyatlenko undaylardan emas ekan. Unga suv ta’minoti idorasi vakili 20 ming so‘m qarz bo‘lib qolibsiz, tezda to‘lab qo‘ying, deganda u anchagina asabiylashadi. Buni esa o‘ziga yarasha sababi bor ekan …
Xullas, iste’molchi ushbu masalada Federatsiyaning ishonch telefoniga murojaat qilib, masalaga aniqlik kiritishni so‘ragan. Farg‘ona shahar jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, iste’mol qilingan ichimlik suvi uchun to‘lovlarni hisoblagich ko‘rsatkichlari asosida olib borayotgan iste’molchida qarz tugul, 31 ming so‘m haqdorlik borligi ma’lum bo‘lgan.
Yer ostidan kachalkada suv tortib iste’mol qiladigan fuqaroga yarim million so‘m qarzdorlik hisoblangan
Qo‘shtepaning Baland Masjid mahallasida istiqomat qiluvchi T.Oxunovning Federatsiya ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganilganda, qiziq holatga duch kelingan. Iste’molchi xonadoniga ichimlik suvi tarmog‘i tortilmaganligi va ichimlik suvini yetkazib berish borasida tuman suv ta’minoti korxonasi bilan shartnoma ham imzolanmaganligini, lekin shunga qaramasdan undan korxona 432000 so‘m miqdoridagi qarzdorlikni so‘ndirib qo‘yishni talab qilayotganligidan noroziligini bildirgandi.
Murojaatni Qo‘shtepa tuman jamiyati mas’ullari tomonidan o‘rganilishi jarayonida fuqaro istiqomat qiluvchi ko‘chada ichimlik suvi tarmog‘i mavjud bo‘lsada, iste’molchi xonadoni ushbu tarmoqqa ulanmaganligi va o‘z-o‘zidan korxona va iste’molchi o‘rtasida shartnoma ham mavjud emasligi isbotini topgan. Xonadonga yer ostidan suv tortib olish uchun qo‘lbola kachalka o‘rnatilgan bo‘lib, ularning asosiy ehtiyojlari mazkur uskuna vositasida tortib olinadigan suv bilan qoplanib kelingan. Mazkur holat “Farg‘onasuvta’minoti” MChJning tuman bo‘limi mas’ullari bilan hamkorlikda o‘rganib chiqilgach, iste’molchiga nisbatan hisoblangan qarzdorlikni korxona billing bazasidan chiqarish bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Ko‘cha kolonkasidan suv tashib ichish tarifi bo‘yicha noto‘g‘ri hisob-kitob yuritilgan
O‘zbekiston tumanining Yakka tut mahallasida istiqomat qiluvchi M. Alimovning qilgan murojaatida ichimlik suvini ko‘cha kolonkasidan tashib keltirishlari, lekin bu boradagi to‘lovlarni hisoblashda belgilangan tarifdan chetga chiqish holati kuzatilayotganligi ma’lum qilingandi.
Holatni O‘zbekiston tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida xonadonda 5 kishi istiqomat qilishi, ichimlik suvi ta’minoti korxonasi tomonidan xonadon ko‘cha kolonkasidan suv tashib keltirib iste’mol qiluvchi emas, balki xonadoniga ichimlik suvi tortilgan, lekin suv hisoblagich o‘rnatilmagan tarifidagi to‘lov bo‘yicha hisob-kitob olib borilayotganligi ma’lum bo‘lgan. O‘rganish natijalari bilan xonadonning so‘ngi ikki oy davomidagi iste’mol ko‘rsatkichlari ko‘cha kolonkasidan suv tashib keltirish tarifi bo‘yicha hisoblanishiga va bu davr uchun xonadon 116000 so‘m emas, balki jon boshiga 4567,5 so‘mdan, jami 45680 so‘m miqdorida to‘lovlarni amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tildi.
Adashib yechib olingan mablag‘ kelgusi iste’mol uchun to‘lovlarga yo‘naltirildi
Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi A.Zokirovning onasi “Farg‘onasuvta’minoti” MChJ tuman bo‘limiga iste’mol qilingan ichimlik suvi uchun to‘lovlarni amalga oshirish uchun borganida, xonadon hisobida ichimlik suvi iste’moli borasida jarima ham mavjudligini aytishib, onaxonning bank plastik kartasidan 378000 so‘m mablag‘ yechib olingan. To‘lovlarni muntazam amalga oshirib kelayotgan A.Zokirov esa bundan xabar topgach, Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida mablag‘ haqiqatan ham yechib olinganligi, lekin xonadon hisobida ichimlik suvi ta’minoti masalalari bo‘yicha hech qanday jarimalar mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Olib borilgan o‘rganish ishlari natijasi bilan iste’molchi tomnidan to‘langan pul mablag‘ini kelgusi iste’mol uchun oldindan to‘lov sifatida rasmiylashtirilishiga erishildi.

Fuqaroning murojaatidan so‘ng avariya holati bartaraf etildi

Dang‘ara tumani Teliming mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi A.Abdullaev xonadoni yonidan o‘tgan ichimlik suvi tarmog‘i trubasi yorilishi natijasida toza ichimlik suvi isrof bo‘layotganligi holati yuzasidan Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Iste’molchining murojaati tegishli tartibda rasmiylashtirilgach, Dang‘ara tuman jamiyati va “Farg‘onasuvta’minoti” MChJ tuman bo‘limi mas’ullari hamkorligida murojatda ko‘rsatilgan joyda o‘rganishlar o‘tkazilib, yuzaga kelgan avariya holati bartaraf etilishiga erishilgan.
Fuqaroning oldindan to‘lovdaligi isbotini topdi
Farg‘ona shahrida yashovchi Y.Mirzaxonov o‘z murojaatida suv ta’minoti uchun amalga oshirgan to‘lovlari bo‘yicha oldindan to‘lovda bo‘lganligini, lekin bugungi kunga kelib korxona uning ichimlik suvi uchun oldindan to‘lov sifatidagi 314 m3 haqdorligini e’tiborga olmayotganligi ma’lum qilingandi.
Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan mazkur murojaatni o‘rganish natijalari iste’molchining xonadonidagi suv hisoblagich ko‘rsatgichini 00530 m3 igacha haqdorligini, ya’ni 40937 so‘m oldindan to‘lovda ekanligini ko‘rsatgan va bu haqda fuqaroga tegishli tartibda ma’lum qilingan.
Xuddi shuningdek, Marg‘ilon shahrida yashovchi M.Azizovaning Federatsiya ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganilishi jarayonida xonadonni ichimlik suvi bilan ta’minlash yaxshilanishiga erishilgan.
Hududiy birlashma Axborot xizmati