Maqsadimiz – inson huquq va manfaatlarini himoya qilish

Inson manfaatlari hamisha ustuvor yurtimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Davlatimiz rahbarining«Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan iboralari bugungi kunda barcha korxona-tashkilotlarning shioriga aylanib borayotir.

Hususan bizning Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan ham tuman aholisining iste’molchilik huquqlarini himoya qilish, iste’mol madaniyatini oshirish va huquqlari buzilgan taqdirda qonun doirasida choralar ko‘rish ishlari tizimli ravishda olib borilyapti. Jumladan o‘tgan 2021 yil davomida jamiyatimizga fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarni o‘rganib chiqilishi jarayonida ularni imkon qadar iste’molchilarning foydasiga hal qilish borasida qator ishlarni amalga oshirdik. Murojaatlarni hal qilishda bizga O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunlari dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Qolaversa haqqoniylik, betaraflik qoidalariga ham amal qilib ish yurityapmiz.

O‘tgan yil mobaynida jamiyatimizga fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning tahlili ularning aksariyati kommunal soha idoralari xizmatlaridan norozi bo‘lib qilingan murojaatlarni, shuningdek savdo va xizmat ko‘rsatish munosabatlaridagi muammolar bo‘yicha qilingan murojaatlarni tashkil qilganligini ko‘rsatdi. Ularni o‘rganish jarayonida qonunlarimizga murojaat etib, adolat qaror topishi yo‘lida astoydil mehnat qilindi. Shunga muvofiq o‘tgan yilda iste’molchilardan tushgan murojaatlarni ijobiy hal etish orqali ularning foydasiga 11 248 621 so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi. Iste’molchilarga mablag‘larni qaytarish, ularning poymol bo‘lgan huquqlarini tiklash barobarida, xarid qilingan maishiy texnika buyumlaridan foydalanishda yuzaga kelgan nuqsonlar sabab ularni servis xizmati tashkilotlari orqali ta’mirlatishga yoki bo‘lmasa boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berilishi bo‘yicha ham talaygina ishlar amalga oshirildi.

Fuqarolarimizning iste’mol madaniyatini oshirib borish maqsadida muntazam ravishda jamiyatimizning joylardagi tayanch guruhlarida turli uchrashuv va suhbatlar uyushtirib kelyapmiz. Uchrashuv ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlari, shuningdek sohaga oid boshqa qonun va qonunosti me’yoriy hujjatlarining mazmun-mohiyati yuzasidan targ‘ibot va tushuntirish ishlari o‘tkazilyapti. Qolaversa tuman jamiyatining huquqiy maslahatxonasi orqali iste’molchilarga bepul huquqiy maslahatlar berib kelinmoqda. Jumladan o‘tgan yilda jamiyat rahbari qabuliga kelgan 55 nafar, huquqiy himoya bo‘yicha mutaxassis qabuliga kelgan 28 nafar fuqarolarning sohaga oid muammolarini hal qilishda amaliy yordamlar ko‘rsatilib, bepul huquqiy maslahatlar hamda amaldagi qonunchilik bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Olib borayotgan bu kabi ishlarimizni ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borish ishlarini ham uzluksiz davom ettirmoqdamiz. Hususan hududiy birlashmaning istemolchi-info.uz rasmiy sayti va telegramdagi istemolchiinfouz kanali hamda Facebook, Instagramdagi istemolchi-info sahifalarida, Federatsiya muassisligidagi “Iste`mol madaniyati” respublika gazetasida hamda Toshloq tuman hokimligining “Toshloq tongi” ro‘znomasida doimiy chiqishlar qilib kelmoqdamiz. Bundan tashqari Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasi hamda uning radioguruhi bilan hamkorlikda turli ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlash orqali fuqarolarga qonunlarimiz mohiyati tushuntirib borilayotir.

Joriy yilda ham bu kabi ishlarni davom ettirgan xolda eng avvalo fuqarolarimizning iste’molchi sifatidagi xaq-huquqlarini yanada yaxshi anglashlariga ko‘maklashish, muammolarga duch kelgan taqdirda ularni bartaraf etishda qonunlarga tayangan holda ish ko‘rishni maqsad qilganmiz.

Husnidaxon Yakubova
Toshloq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi