Elektroplita hattoki bir marta choy qaynatishga yaramadi

Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparati mutaxassislari yana bir iste’molchidan kelib tushgan murojaatni o‘rganib chiqdilar.

Murojaatda keltirilishicha iste’molchi S.F. Marg‘ilon shahridagi buyum bozoridan ro‘zg‘orida ishlatish maqsadida 115 000 (bir yuz o‘n besh ming) so‘mga elektroplita sotib olgan. Afsuski istemolchi elektroplitani xonadoniga olib borib bir marta ishlatishga ulgurgan xolos. Sababi bir choynak choy qaynamasidanoq undan yoqimsiz hid chiqib, uning ayrim qismlari erib ketgan.

Iste’molchi tovar xarid qilingan do‘kon sotuvchisiga murojaat qilib, undan sotib olingan tovarda nuqson borligi, bir martagina choy qaynatishga xam ulgurmay erib ketganligini aytib, tovarning pulini qaytarib berishini so‘raydi, lekin sotuvchi tovarni qaytarib olmasligini, bitta elektroplitani qaytarish uchun ishlab chiqarilgan zavodiga sarf-harajat qilib bormasligini aytib, iste’molchiga rad javobini beradi. Shundan so‘ng u yuqoridagi muammoni qonunuy xal qilib berilishini so‘rab Marg‘ilon shahar iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparatiga ariza bilan murojaat qiladi.

Murojaat shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida, sotuvchiga iste’molchi qonunga muvofiq, uzoq muddat foydalaniladigan tovarda kafolat (yaroqlilik) muddati davomida, kafolat muddati belgilanmagan tovarlar bo‘yicha olti oy ichida nuqsonlar aniqlangan taqdirda, iste’molvi bunday tovarni almashtirib olishga yoki tovar uchun to‘langan pulni qaytarilishini talab qilishga haqli ekanligi, uning murojaati qonuniy hal qilinishi shart ekanligi yuzasidan tushuntirishlar berib o‘tildi. Natijada sotuvchi iste’molchiga nuqsonli tovar uchun to‘langan 115 000 so‘m pul mablag‘ini to‘liq qaytarib berishiga erilishdi.

Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassisi