Shubhali dori vositalarini iste’mol qilishdan ehtiyot bo‘laylik

Biror darddan azob chekayotgan odam tezroq shu darddan xalos bo‘lgisi kelganidan uni darddan xalos qilishi mumkin bo‘lgan biror dori-darmon vositasi haqida eshitganida, tezroq uni xarid qilib, shifo topgisi keladi. Lekin har qanday dori vositasini iste’mol qilishdan oldin shifokordan maslahat olish kerakligi esa, ko‘pincha dori vositasi iste’mol qilinib nojo‘ya ta’siri sezilgandagina odamning esiga tushadi. Natijada bunday holatga ro‘baro‘ kelgan fuqarolar “meni aldashdi, chora ko‘ringlar” qabilida turli idoralarga ham shikoyatlar bilan murojaat qiladilar.

Marg‘ilon shahrida yashovchi M. ismli fuqaro reklama tarqatuvchi gazetalarning birida reklama huquqi asosida tarqatilgan “Olamshumul yangilik” sarlavhasi ostidagi e’londa ko‘zga surtadigan malham haqida o‘qib qoladi. Gazetada berilgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, reklama beruvchi tashkilotning Marg‘ilon shahrida o‘tkaziladigan qabul kuniga ro‘yxatdan ham o‘tadi.
Fuqaroning bizga ma’lum qilishicha, u bilan suhbat o‘tkazgan firma vakili, uni hech qanday tibbiy ko‘rikdan yoki mutaxassis tekshiruvidan o‘tkazmasdan, “Sizga ushbu dori juda katta foyda keltiradi”, – deb ko‘zning tashqi qismiga surtiladigan tomchidan olti donasini, har birini 80 000 so‘mdan, jami 480 000 (to‘rt yuz sakson ming) so‘mga unga beradi. Lekin uyga kelgach malhamdan birinchi kun foydalanish jarayonidayoq unga dori nojo‘ya ta’sir ko‘rsatib, o‘zida ko‘zning kuchli xiralashishi va ko‘rish qobiliyatining pasayishi belgilarini sezgach, nima qilarini bilmasdan, Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga malhamni sotuvchiga qaytarish va pullarini qaytarib olishda yordam ko‘rsatilishini so‘rab kelgan.

Murojaat qabul qilib olingach, shahar jamiyati mutaxassislari malhamni realizasiya qilgan tashkilot mas’ullari bilan bog‘lanib, ularga amaldagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari yuzasidan, xususan malham iste’molchiga noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berish ortidan sotilganligi, qonunchilik esa iste’molchiga bunday holatda sotilgan tovarni qaytib berib, pulini qaytarib olish imkonini berishi, qolaversa noto‘g‘ri qo‘llanilgan tibbiy vosita sababidan insonga jismoniy, ruhiy, ma’naviy va boshqa zararlar yetkazilishi tegishli qonunchilik asosida boshqa huquqiy javobgarlik choralariga ham sabab bo‘lishi mumkinligi yuzasidan tushuntirishlar berib o‘tildi. Natijada iste’molchiga 480 000 so‘m pul mablag‘ini qaytarib berilishiga erishildi.

Imkoniyatdan foydalanib, yurtdoshlarimizga har qanday dori-darmon vositasini yoki sotuvchi tomonidan uning “doriligi” da’vo qilinayotgan vositalarni sotib olishdan, o‘zingizga va yaqinlaringizga qo‘llashdan oldin shifokor maslahatini olishdan erinmaylik. Bu nafaqat bizning sog‘ligimizga foydali, balki ertaga buning ortidan moddiy va ma’naviy zarar ko‘rib qolishdan ham muayyan ma’noda himoyada bo‘lishimizga sabab bo‘ladi.

Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassisi

(illyustrativ foto)