Iste’molchining to‘rt million so‘m puli qaytarib olib berildi

Quva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Andijon viloyati Shahrixon tumanida yashovchi Yu.Matisaqovaning qoldirilgan aviareys chiptasi pulini qaytarib ololmayotgaligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishonch telefoni”ga qilgan murojaati o‘rganildi.

Murojaatchiga ko‘ra, u aviachiptani Quva tumanida joylashgan “OMADLI YURT FAROVONLIGI” MChJga qarashli aviachiptalarni sotish shoxobchasidan 4 mln 50 ming so‘mga xarid qilgan. 2022 yilning 22 mart kunida S7 Airlines aviakompaniyasi borti bilan Namangan xalqaro aeroportidan Rossiyaning Irkutsk shahriga amalga oshirilishi kerak bo‘lgan parvoz iste’molchiga noma’lum bo‘lgan sabablarga ko‘ra qoldirilgach, u chipta uchun to‘langan pulni qaytarib olish harakatiga tushgan, lekin shu kunga qadar uning harakatlari samarasiz qolib kelgan.

Murojaatni o‘rganish doirasida “OMADLI YURT FAROVONLIGI” MChJ rahbar va mas’ul xodimlariga O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning” murojaatlari to‘g‘risidagi hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari bo‘yicha targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borildi. O‘rganish ishlari yakuni bilan esa amalga oshirilmagan aviareys chiptasining puli iste’molchiga to‘liq qaytarilishiga erishildi.

Adxamjon Xamidov
Quva tuman jamiyati raisi