Consumers International 2023 yilgi Global kongressini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilmoqda

Xalqaro iste’molchilar tashkiloti (Consumers International) bosh direktori Helena Loran O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi nomiga murojaat xati yo‘lladi. Unda tashkilotning navbatdagi Global kongressini 2023 yilda O‘zbekistonda o‘tkazish taklif etilmoqda va O‘zbekiston hukumati bunga rozi bo‘lsa, rasman qiziqish bildirishi so‘ralmoqda.

Global kongress har 4 yilda bir marta dunyoning turli mamlakatlarida o‘tkaziladi. Unda a’zo tashkilotlar yetakchilari yig‘ilib, iste’molchilar haqlarini himoya qilish sohasidagi mavjud ahvolni baholash, ular imkoniyatlarini kengaytirish va kelajak rejalarini tuzib olishga oid masalalarni muhokama qiladi va Consumers International rahbarlarini saylaydi.

1960 yilda tashkil etilgan Consumers International iste’molchilar tashkilotlarining global tarmog‘i bo‘lib, unga dunyoning barcha qit’alaridagi 100 dan oshiq mamlakatning 200 dan oshiq iste’molchilar tashkiloti a’zodir. U BMTda maslahatchilik maqomiga ega, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotida(OECD) maxsus iqtisodiy guruh hisoblanadi va Xalqaro standartlashtirish tashkilotining (ISO) maslahat guruhi tarkibiga kiradi.

Tashkilotning so‘nggi global forumlarini Portugaliya (2019), Braziliya (2015), Gonkong (2011) va Avstraliya (2007) hukumatlari qabul qilgan.

Agar O‘zbekiston kongressni o‘tkazishga rozilik bildirsa, biz xursand bo‘lar edik. Barcha kongressni o‘tkazishga qiziqish bilan bog‘liq takliflarni Consumers International Boshqaruvi ko‘rib chiqadi hamda bu a’zo iste’molchilar tashkiloti uning hukumati o‘rtasida ishonchlik hamkorlik o‘rnatilishiga ko‘maklashadi”, deyiladi Loran xonim xatida.

Qayd etish joizki, Xalqaro iste’molchilar tashkilotining global kongressi u yoki bu mamlakatda o‘tkazilishi nafaqat u yerda iste’molchilar haqlarini himoya qilish yaxshilanishiga turtki beradi, qolaversa, mamlakatning dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngidagi obro‘-e’tiborini ham oshiradi.
Yana bir jihati, O‘zbekistondek turizm sohasini rivojlantirishni iqtisodiy taraqqiyotning yetakchi sohalaridan biri sifatida belgilab olgan mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega, chunki sayyohlar iste’molchilar sifatida iste’molchilar tashkilotlari vakillariga ko‘proq ishonadi.

Qolaversa, bunday tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi turizm sohasida ham iste’molchilar haqlarini himoya qilishga va dunyodagi yanada ko‘proq sayyohlar e’tiborini jalb etishga xizmat qilishi shubhasiz.

Federatsiya matbuot xizmati