Noto‘g‘ri ma’lumot natijasida sotib olingan tovarni sotuvchiga qaytarish mumkin

Beshariq tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan Zarqaynar qishlog‘ida yashovchi T.Matmusaevning xarid qilingan kondisionerda nuqson mavjudligi va undan ko‘zlangan maqsadda foydalana olmayotganligidan norozi bo‘lib Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.

Iste’molchiga ko‘ra, u tumandagi «Marhabo» savdo kompleksidan «Avalon» rusumli kondisionerni 6 mln 50 ming so‘mga xarid qilgan. Kondisioner xonadonga keltirilib foydalanish jarayonida, xonaga issiq havo haydash funksiyasi yaxshi ishlamasdan, sovuq havo haydayvergach, u sotuvchiga va servis markaziga murojaat qilib bu haqda o‘z e’tirozlarini bildirgan. O‘z murojaatlaridan natija bo‘lavermagach Federatsiyaning ishonch telefoniga murojaat qilgan.

Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra, iste’molchiga noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot natijasida zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli. Tuman jamiyati xodimlari sotuvchi bilan muzokaralar davomida yuqoridagi holatlar yuzasidan tushuntirishlar berganlaridan so‘ng, iste’molchiga sotilgan tovar sotuvchiga qaytarilib, tovar uchun to‘langan pul to‘lig‘icha iste’molchiga qaytarilishiga erishildi.

Hamidjon Axmedov
Beshariq tuman jamiyati raisi