Salkam 6 million so‘mlik mobil qurilmani IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish masalasida muammo chiqdi

Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan «Bog‘iston» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi J.M.ning xarid qilingan mobil qurilmaning IMEI kodi bilan bog‘liq muammo masalasida Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.

Murojaatchiga ko‘ra, u tuman hududida faoliyat olib borayotgan “Premier development business center» MChJga qarashli savdo do‘konidan, tovar qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlariga asoslangan shartnoma asosida, kafolat muddati 1 yil qilib belgilangan MI NOTE 11PRO 8/128gb Graphite Gray rusumli mobil telefon apparatini 5 mln 767 ming 520 so‘mga xarid qiladi. Mobil qurilmadan xarid qilingan kundan e’tiboran muntazam foydalanish boshlanadi. Lekin muayyan davr oralig‘ida foydalanilishi davomida telefon apparatiga mobil tarmoqdagi qurilmani identifikasiyalash uchun unikal raqam (IMEI kod) bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozimligi bo‘yicha SMS xabarnoma keladi. Bundan xavotirga tushgan iste’molchi sotuvchiga bu haqda ma’lum qilib, qurilmani tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazib berilishini so‘ragan. Lekin sotuvchi tomonining urinishlari bilan mobil qurilmani IMEI ro‘yxatidan o‘tkazishning imkoni bo‘lmagan.

Murojaatni o‘rganish ishlari doirasida tomonlarga amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari targ‘iboti olib borildi. O‘rganish yakunlari bilan, mobil tarmoqdagi qurilmani identifikasiyalash uchun unikal raqam bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishni imkoni bo‘lmagan telefon apparatini sotuvchiga qaytarilib, iste’molchining hohishiga ko‘ra, Qonunning 17-moddasi (Iste’molchiga nuqsonli tovar sotilgan taqdirda u bilan hisob-kitob qilish) tartibidagi qayta hisob-kitob asosida, texnik imkoniyatlari va iste’mol xossalari o‘xshash bo‘lgan, boshqa rusumdagi mobil qurilmaga almashtirildi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 17.09.2019 yildagi 778-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga ko‘ra, mamlakatimiz hududida mobil qurilmalar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qat’iy nazar, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun javobgardirlar.

Xusniddin Latipov
Rishton tuman jamiyati mutaxassisi