Asosli vaj bilan uchishni qoldirishga majbur bo‘lgan iste’molchiga pulini qaytarib olishida yordam ko‘rsatildi

Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tuman hududida istiqomat qiluvchi fuqaro D.Q.ning xarid qilingan aviachiptani qaytarish masalasidagi murojaati o‘rganildi.

Murojaatda bayon qilinishicha, fuqaro Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga uchish uchun tuman markazidagi aviachiptalarni sotish shohobchasidan 2 mln 300 ming so‘mga aviachipta sotib oladi. Chipta joriy yilning 22 aprel kuni xarid qilingan bo‘lib, uchish 23 may kuniga belgilangan bo‘lgan. Lekin orada unga borib ishlashi kerak bo‘lgan ish o‘rni qisqartirilayotgani to‘g‘risida xabar kelgan. Shundan so‘ng u aviachiptani bekor qilish bo‘yicha hatti-harakatlarni amalga oshirgan, biroq buning uddasidan chiqa olmagach ushbu masalada tuman jamiyatiga murojaat qilgan.

O‘rganishda fuqaro haqiqatan ham joriy yilning 23 may kuni «Uzbekistan airways» aviakompaniyasining HY9627 reysi bilan Farg‘ona xalqaro aeroportidan Moskvaning Domodedovo aeroportiga uchish uchun chipta xarid qilganligi ko‘rildi. Uchishni qoldirilishi uchun uning tomonidan bildirilayotgan vajning ham asosli ekanligi inobatga olinib, aviachiptalarni sotish shohobchasi mas’ullari bilan xarid qilingan chiptani qaytarish bo‘yicha amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. O‘rganish yakunlari bilan iste’molchiga xarid qilingan aviachipta pulini, kompaniya tomonidan shu kabi holatlarda qo‘llaniladigan 10 foizlik jarima summasini chegirib qolinishi yo‘li bilan, qaytarilishiga erishildi.

Dilorom Mirzayeva
Bag‘dod tuman jamiyati mutaxassisi