Xonadonda ichimlik suvi tarmog‘i mavjud bo‘lmasada qarzdorlik hisoblangan

Iste’molchilar tomonidan kelayotgan murojaatlarning ayrimlarini xonadonlarida ichimlik suvi tarmog‘i mavjud bo‘lmasada, aholiga mazkur xizmatlarni ko‘rsatuvchi korxona tomonidan qarzdorlik hisoblanayotganligi to‘g‘risidagi arizalar tashkil qilmoqda. Mana shunday muammoli vaziyatga duch kelgan «Tog‘liq» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi T. S. ham Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma ravishda murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Fuqaroning arizasida keltirilishicha, yashab turgan xonadonini kadastr hujjatlarini tayyorlatish jarayonida «Farg‘ona suv ta’minoti» MChJning Toshloq tuman bo‘limiga korxona xizmatlari bo‘yicha qarzdorligi yo‘qligi haqida ma’lumotnoma olish uchun boradi. Korxona mas’ullari unga xonadonning ichimlik suvi to‘lovlaridan 546 850 so‘m qarzdorligi mavjudligini aytib, qarzdorligi yo‘q mazmunidagi ma’lumotnoma mazkur qarzdorlik bartaraf qilinishi bilan berilishi mumkinligini tushuntiradilar. Fuqaroning so‘zlariga ko‘ra nafaqat xonadoni, balki yashash mahallasiga hali ichimlik suvi tarmog‘i kirib bormagan.

Murojaatni tuman aholisiga ichimlik suvi yetkazib beruvchi korxona mas’ullari hamkorligida o‘rganilishi jarayonida murojaat egasi arizasida keltirilgan vajlar isbotini topib, xonadonga haqiqatda ham ichimlik suvi tarmog‘i tortilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Mas’ullarning aytishicha, qarzdorlik texnik xatolik tufayli yuzaga kelgan.

O‘rganish ishlari jarayonida mas’ullarga amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari targ‘iboti olib borilib, fuqaroga ichimlik suvi to‘lovlari bo‘yicha hisoblangan asossiz qarzdorlik bekor qilinganligi rasmiy ravishda ma’lum qilindi.

Shohistaxon Raximova,
tuman jamiyati mutaxassisi.