Iste’molchi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatini sudga berdi
Marg‘ilon shahridagi umumta’lim maktablaridan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlovchi, Federatsiya a’zosi F.K.ning o‘zining shaxsiy mulki bo‘lgan, Farg‘ona shahri Istiqlol ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyning to‘rtinchi qavatidagi xonadoniga yetkazilgan zararni qoplab berilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaati o‘rganilgan hamda mazkur uylarga xizmat ko‘rsatuvchi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati (XUJMSh)ga nisbatan qo‘yilgan qonuniy talablar bajarilmagach, shahar jamiyati tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilgan edi.
Da’vo arizasi joriy yilning 12 sentabr kunida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudida ko‘rib chiqildi hamda sudga taqdim qilingan asoslovchi hujjatlar inobatga olinib, XUJMShdan iste’molchi foydasiga yomg‘ir yog‘ishi oqibatida uyning tom qismidan fuqaroga tegishli xonadonga suv o‘tib ketishi natijasida yetkazilgan 8 349 120 so‘m moddiy zarar va yetkazilgan zararni tashqi baholatish uchun sarflangan 800 000 so‘m xarajat, jami 9 149 120 so‘m undirilishi to‘g‘risida hal qiluvchi qarori chiqarildi. Shuningdek, ishni sudda ko‘rish bilan bog‘liq xarajatlar (davlat boji va pochta harajatlari) ham javobgar tomonidan undiriladigan bo‘ldi.
Shu o‘rinda, aholimiz vakillariga Federatsiya a’zosi bo‘lish yuqoridagi kabi muammoli vaziyatlarda sizga bepul malakali huquqiy yordam berilishini kafolatlashini ham eslatib o‘tishni joiz, deb hisoblaymiz.
Saidxon Xapizov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий