Bir million so‘mdan ortiq qarzdorlik summasi bartaraf qilindi
«Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalari» (VM 15.07.2014 y №194-son qaror)ga ko‘ra suv o‘lchash uzeli ichimlik suvini yetkazib beruvchi tashkilot tomonidan plombalanishi lozim bo‘lsada, ayrim hollarda iste’molchilarning o‘rnatilgan hisoblagichlarga plomba o‘rnatib berish borasidagi murojaatlarini vaqtida qanoatlantirmaslik holatlari uchrab turibdi. Albatta, ko‘pchilik hollarda iste’molchilar bunday masalalarda ta’minotchi tashkilotga qo‘ng‘iroq qilib buyurtma qoldiradilar yoki hudud nazoratchisiga bu borada og‘zaki shaklda murojaat qiladilar. Shu o‘rinda kimdadir, nega ular yozma ravishda murojaat qilmaydilar, shunda ularning murojaati ko‘rmasdan qoldirilmasmidi, degan savol ham tug‘ilishi mumkin. To‘g‘ri, lekin qonunchilikka ko‘ra, murojaatlar ularning shakli va turidan qat’i nazar, bir xil ahamiyatga egaligini ham unutmaslik kerak.
Beshariq tumanilik iste’molchi S.U.ning Federatsiya 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaatida ham shunday holatlardan biriga duch kelindi. Tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaat o‘rganilishi jarayonida S.U. xonadoniga o‘rnatilgan suv hisoblagich uskunasi plombalanmaganligini hudud nazoratchilari bilsada, ushbu holatga e’tiborsizlik bilan qarab kelganliklarini, natijada u to‘lovlarni amalga oshirib kelayotgan bo‘lsada, bugungi kun holatiga uning zimmasiga 1 200 000 so‘m miqdorida qarzdorlik yuklanayotganligini ma’lum qiladi.
Ushbu masala yuzasidan tuman ichimlik suv ta’minoti korxonasiga so‘rov xati kiritilib, o‘rganish ishlari olib borish jarayonida iste’molchining shaxsiy hisob raqamiga tegishli hisob-kitoblar kiritilishi, qayta hisob-kitob ishlari olib borilishi natijasida iste’molchida qarzdorlik emas, aksincha 67 073 so‘m miqdorida oldindan to‘lov mavjudligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish ishlari doirasida suv hisoblagich plombalanib, tomonlarga amaldagi qonunchilik talablari targ‘iboti olib borildi.
Shoiraxon Nasriddinova,
jamiyat mutaxassisi.
Отправить комментарий