889 ming so‘mlik qarz mojarosi: Marg‘ilonda yana bir iste’molchi huquqi himoya qilindi

889 ming so‘mlik qarz mojarosi: Marg‘ilonda yana bir iste’molchi huquqi himoya qilindi

Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan iste’molchi A.X.ning manfaatini ko‘zlab fuqarolik ishlari Farg‘ona tumanlararo sudiga kiritilgan da’vo arizasida issiqlik ta’minoti korxonasi tomonidan hisoblangan 889 322 so‘mlik qarz va penya majburiyatidan ozod qilish masalasi ko‘tarilgandi. Sud jarayonida ma’lum bo‘lishicha, mazkur qarzdorlik Marg‘ilon shahrilik iste’molchining uyiga 2024–2025 yillarda issiqlik ta’minoti xizmati yetarli darajada ko‘rsatilmagani oqibatida shakllangan.

A.X.ning so‘zlariga ko‘ra, u 2023 yildan buyon uyida yetarli issiqlik bo‘lmagani haqida issiqlik ta’minoti korxonasiga bir necha bor murojaat qilgan. 2025 yilda esa bu borada rasmiy dalolatnoma tuzilgan. Shu bilan birga, uning uyiga issiqlik tizimi talab darajasida ishlamayotgani aniqlanganiga qaramay, korxona tomonidan 684 391 so‘m qarz va 204 931 so‘m penya hisoblagan.

Sud jarayonida issiqlik ta’minoti tashkiloti iste’molchiga issiqlik energiyasini yetkazish majburiyatini bajarishi kerak bo‘lsa-da, 2024–2025 yilgi mavsumda xizmat sifati yuzasidan shikoyatlar bo‘lganligi hamda xizmat talab darajasida ko‘rsatilmaganligi o‘z tasdig‘ini topdi. Bu holat 2025 yil 15 sentyabrda tuzilgan, uyga yetkazilgan issiqlik me’yoridan past bo‘lganligi holati qayd qilingan dalolatnoma bilan ham tasdqilanadi. Shu sabab korxona keyinchalik qarzni qayta hisoblab, uning bir qismini o‘zi ham asossiz deb tan olgan.

Sud, hujjatlar va dalillarni o‘rganib chiqqan hamda javobgar tomonining qarzning muayyan qismi asosli ekanligi haqidagi vajlarini ham inobatga olgan holda, da’voni qisman qanoatlantirishni lozim deb topdi. Natijada, A.X.ga nisbatan hisoblangan 889 322 so‘mlik qarz va penyaning 693 132 so‘mlik qismi — ya’ni 488 201 so‘m asosiy qarz hamda 204 931 so‘m penya — bekor qilindi.

Federatsiyaning Marg‘ilon shahar jamiyati tomonidan yil boshidan buyon sudlarga bir necha da’vo arizalar kiritilib, iste’molchilar huquqlarining kafolatli himoyasi ta’minlab kelinmoqda. Bu kabi holatlar esa aholi vakillarining iste’molchilar jamoat birlashmalariga a’zo bo‘lgan holda yurtimiz iste’molchilik ijtimoiy harakati faoliyatida faol ishtirok etishining ahamiyatini yana bir ko‘rsatib beradi.

Saidxon Xapizov,
jamiyat mutaxassisi.

Отправить комментарий