Sotuvchi unutmang: iste’molchining qonuniy talabini bajarmaslik zimmangizga moddiy zarar va ma’naviy ziyonni qoplash majburiyatini ham yuklashi mumkin
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda u holatdan kelib chiqib, mazkur tovarni almashtirish, bepul ta’mirlash, xarid narxini qayta hisob-kitob qilish, shartnomani bekor qilish va shu kabi bir qator talablaridan birini sotuvchiga nisbatan qo‘yadi. Sotuvchi esa o‘z navbatida mazkur talablarni o‘z muddatlarida ko‘rib chiqishi va tegishli qonuniy choralarni ko‘rishi shart, aks holda, sotuvchi o‘z majburiyatini bajarmagan taqdirda, uning zimmasiga yetkazilgan moddiy zarar hamda ma’naviy ziyonni qoplash majburiyati ham yuklanishi mumkin.
Rishton tumanida istiqomat qiluvchi F.A. tumandagi «Dunyo» kredit savdo do‘konidan tikuv mashinasi hamda EPA-2400-1 (2400 Wt) rusumli motorli arrani bo‘lib to‘lash shartlarida xarid qiladi. Biroq 2 226 000 so‘mga xarid qilingan motorli arrada nuqson mavjudligini aniqlagach, sotuvchiga bu borada o‘z e’tirozini bildirib, tovarni bepul ta’mirlatishga qaytarib topshirganidan so‘ng ikki oy o‘tsa hamki ishlar oxiriga yetkazilmasdan qolayotganidan norozi bo‘lib Federatsiyaning Rishton tuman jamiyatiga murojaat qiladi.
Tuman jamiyati murojaat o‘rganilishi jarayonida sotuvchiga qonun normalarini bajarilmasligi natijasida kelib chiquvchi huquqiy oqibatlardan ogohlantirib aloqa xati kiritgach, nuqsonli motorli arra xuddi shu rusumdagi boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berilib, iste’molchini 2 oy davomida qiynab kelgan muammo bartaraf qilindi.
Xusniddin Latipov,
jamiyat mutaxassisi.



Отправить комментарий