Bozordan xarid qilingan bir qop guruch mojarosi
Turli mahsulotlar oldi-sotdisi jarayonida sotuvchida iste’molchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish majburiyati, iste’molchida esa, shartlashilgan pulni to‘lash majburiyati bo‘ladi. Iste’molchi o‘z majburiyatini to‘laqonli ado qilib, shartlashilgan pulni to‘lagan bo‘lsayu, sotuvchi unga maqbul sifatda bo‘lmagan tovarni berib yuborsa nima bo‘ladi? Albatta, bu kabi holatlarda iste’molchi o‘ziga nuqsonli tovar sotilganda yuzaga keladigan huquqlaridan foydalanadi. Nuqsonli tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirib olish shunday huquqlardan biridir.
Yozyovon tumanilik N.E. mahalliy aholi tilida «Chorshanba bozori» deb ataladigan bozordan bir qop guruch sotib olgan. Xonadonda o‘tkaziladigan marosimga deb, umumiy qiymati 1 000 000 so‘mga olingan guruch xonadonga keltirilganida uning sifati pastligi, yoqimsiz begona hid kelishi ma’lum bo‘lgan. Sotuvchi esa turli vaj-karsonlar bilan mahsulotni almashtirib bermagan.
Iste’molchining bu boradagi muammo yuzasidan tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga kiritgan murojaatini o‘rganish jarayonida sotuvchi B.A. bilan uchrashilganda, u haqiqatan ham iste’molchi ushbu masalada unga murojaat qilganligini tan olib, faqat savdoda iste’molchiga sotilgan guruchdan qolmaganligi sababli almashtirib bera olmaganligini vaj qilib ko‘rsatdi. O‘rganish ishlari davomida iste’molchi e’tiroziga sabab bo‘lgan guruch mahsuloti xuddi shu navdagi maqbul sifatlisi bilan almashtirilib, muammo bartaraf qilindi.
Shavkatjon Sidov,
jamiyat mutaxassisi.



Отправить комментарий