Davlat tilida taqdim qilinmagan yo‘riqnoma hamda olingan kredit uchun o‘z vaqtida kelib tushmagan to‘lov
Rishton tumanilik R.Q. tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga kiritgan yozma murojaatida telefonidan Instagram ijtimoiy tarmog‘iga kirib Beepost ilovasi orqali Rastoropsha kapsulalariga buyurtma berganligi, 3 kundan so‘ng buyurtma yetkazib berilganida uning yo‘riqnomasi rus tilida bo‘lgani va u qonunga ko‘ra import tovarlardagi bu kabi ma’lumotlar iste’molchiga davlat tilida ham berilishi lozimligidan kelib chiqib, ilova operatori bilan bog‘langani va o‘z talabalarini yetkazgani, lekin bundan natija bo‘lmaganligini ma’lum qiladi.
Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan mazkur murojaat o‘rganilishi davomida, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, iste’molchi yuqoridagi kabi ma’lumotni oqilona qisqa (ko‘pi bilan uch kunlik) muddatda berilishini talab qilishga haqliligi, agar ma’lumot aytilgan muddatda berilmasa, iste’molchida shartnomani bekor qilish hamda zararning qoplanishini talab qilish huquqi vujudga kelishidan kelib chiqilgan holatda sa’y-harakatlar olib borildi. O‘rganish yakunlari bilan esa, shartnoma bekor qilinishi, tovarni sotuvchiga, uning uchun to‘langan pul mablag‘ini iste’molchi bank kartasiga qaytarilishiga erishildi.
Yozyovon tumanida esa boshqa bir holat kuzatilgan. Iste’molchi M.I. o‘z yashash hududidagi Paynet shoxobchasi orqali olingan bank krediti uchun 830 000 so‘m to‘lovni amalga oshirgan. Biroq keyinchalik ma’lum bo‘lishicha mazkur mablag‘ iste’molchi kredit olgan «Agrobank» ATB Yozyovon filialining tegishli hisob raqamiga kelib tushmagan. Bu esa iste’molchi tomonidan o‘z majburiyatlarini vaqtida bajarmaslik holatini keltirib chiqargan.
Iste’molchining mazkur masalada tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaatini o‘rganilishi jarayonida Paynet operatori mas’ullari bilan bog‘lanildi hamda holat yuzasidan muzokaralar olib borildi. Bu ishlarning natijasi bilan iste’molchi tomonidan to‘langan pul summasini bank muassasasini tegishli hisob raqamiga yo‘nalitirilishiga erishildi. Bank muassasasini yuzaga kelgan holat, bu borada iste’molchining aybsizligi hamda pul mablag‘ini tegishli hisob raqamiga yo‘naltirilganligi yuzasidan xabardor qilinib, muammoni tezkorlik bilan bartaraf qilinishiga erishildi.
Xusniddin Latipov,
Shavkatjon Saidov,
Rishton hamda Yozvon tuman jamiyatlari mutaxassislari.



Отправить комментарий