Iste’molchining tovarni qaytarish huquqi ta’minlandi
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 18-moddasiga muvofiq, iste’molchi sifatli, ammo unga mos kelmagan tovarni belgilangan muddatda qaytarish yoki almashtirish huquqiga ega. Ushbu norma iste’molchining erkin tanlovi va manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, savdo munosabatlarida adolatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari”ga muvofiq, xarid qilingan tovar belgilangan talablarga javob bermagan yoki iste’molchiga mos kelmagan holatlarda, sotuvchi uni qaytarib olishi yoki almashtirishi shart. Bu esa iste’molchilarning qonuniy huquqlari amaliy jihatdan ta’minlanishini kafolatlaydi.
Qo‘qon shahrida yashovchi iste’molchi M. G. tomonidan qilingan murojaat ham aynan shu huquqiy asoslarda ko‘rib chiqildi. Uning murojaatiga ko‘ra, u shahar hududida joylashgan “S… H…” kiyim-kechak do‘konidan 650 000 so‘mga 2 ta ko‘ylak xarid qilgan. Biroq, xarid qilingan tovarni qaytarish istagi bildirilganda, sotuvchi tomonidan qaytarib olish rad etilgan.
Mazkur holat yuzasidan iste’molchi O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qilgan. Murojaat Federatsiyaning Qo‘qon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganilib, sotuvchiga amaldagi qonunchilik normalari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida muammo ijobiy hal etildi. Xususan, iste’molchiga 300 000 so‘mlik 1 dona ko‘ylak sotuvchiga qaytarilib, uning mablag‘i to‘liq ravishda qaytarib berildi. Shu tariqa, iste’molchining buzilgan huquqlari tiklandi.
Xulosa qilib aytganda, iste’molchi o‘z huquqlarini bilishi va ular buzilganda murojaat qilishdan tortinmasligi lozim. Agar siz ham iste’mol sohasiga oid muammolarga duch kelsangiz, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda uning hududiy tashkilotlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Muhammadjon O‘lmasov,
jamiyat mutaxassisi.



Отправить комментарий