Fuqarolar huquqlari — qonun himoyasida

Fuqarolar huquqlari — qonun himoyasida

Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tashabbusi bilan tuman hududidagi 13-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Fuqarolar huquqlari qonun himoyasida” mavzusida ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagog xodimlari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdilar.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonunchilik normalari mazmun-mohiyatini keng tushuntirish hamda kundalik hayotda uchraydigan turli huquqiy munosabatlarda fuqarolarning o‘z huquqlarini bilishi va himoya qila olish ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining asosiy talablari, iste’molchilarning sifatli tovar va xizmatlardan foydalanish huquqi, mahsulot va xizmatlar haqida to‘liq hamda ishonchli axborot olish imkoniyatlari, shuningdek, huquqlari buzilgan taqdirda murojaat qilish tartiblari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Shu bilan birga, kommunal xizmatlar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalarida uchraydigan muammoli holatlar, iste’molchilar tomonidan eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan xatolar va ularning oldini olish choralari haqida ham fikr almashildi. Mutaxassislar tomonidan xarid qilingan tovar uchun chek va boshqa tasdiqlovchi hujjatlarni saqlash, shartnoma shartlari bilan tanishib chiqish hamda huquqiy muammolar yuzaga kelganda tegishli tashkilotlarga o‘z vaqtida murojaat qilish muhimligi ta’kidlandi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar tomonidan iste’molchilar huquqlari, kommunal xizmatlardan foydalanish, kafolat muddatlari, shartnomaviy munosabatlar hamda murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi yuzasidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar qaytarildi.

Ta’kidlanganidek, huquqiy bilim va xabardorlik darajasining yuqori bo‘lishi fuqarolarning o‘z huquqlarini samarali himoya qilishiga xizmat qiladi. Bu esa jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, adolat tamoyillarini mustahkamlash va aholining huquqiy ongi hamda madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan bunday tadbirlarni kelgusida ham muntazam ravishda tashkil etish rejalashtirilgan. Bu kabi uchrashuvlar fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning huquqiy bilimlarini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.

Отправить комментарий