Furqat tuman jamiyatida ish samaradorligini oshirish masalalari o‘rganildi

Furqat tuman jamiyatida ish samaradorligini oshirish masalalari o‘rganildi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi raisi Ahrorjon Raxmonaliyev boshchiligidagi mas’ul xodimlar Furqat tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida bo‘lib, tashkilot faoliyatini o‘rgandilar.

Mazkur amaliy tashrif tuman jamiyatiga yaqindan uslubiy ko‘mak ko‘rsatish, kundalik ish jarayonidagi ustuvor yo‘nalishlarni tahlil qilish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida tashkil etildi.

Tanishuv jarayonida tuman jamiyatining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash amaliyoti, murojaatlarning qonuniy va xolis ko‘rib chiqilishi, iste’molchilarga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berilishi, targ‘ibot tadbirlarining tashkil etilishi hamda ish hujjatlarini yuritish holati ko‘rib chiqildi.

Mas’ullar tomonidan iste’molchilar murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalarni chuqur tahlil qilish, ularning kelib chiqish sabablarini o‘rganish va muammolarni imkon qadar sudgacha hal etish mexanizmlaridan samarali foydalanish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, aholi bilan bevosita ishlashni kuchaytirish, mahallalarda huquqiy-ma’rifiy tadbirlar va ochiq muloqotlarni tashkil etish, iste’molchilarga amaldagi qonunchilikda belgilangan huquqlarini sodda va tushunarli tarzda yetkazish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Hududiy birlashma raisi Ahrorjon Raxmonaliyev tuman jamiyati xodimlari bilan muloqotda har bir murojaat ortida inson manfaati turganini e’tibordan chetda qoldirmaslik, masalalarni hal etishda tashabbuskorlik ko‘rsatish va hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida iste’molchilar huquqlariga rioya etilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, profilaktik va targ‘ibot tadbirlarini tizimli olib borish, zamonaviy axborot vositalaridan keng foydalanish yuzasidan amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Tashrif yakunida Furqat tuman jamiyati faoliyatidagi ustuvor vazifalar belgilab olinib, aholi murojaatlari bilan ishlash sifatini oshirish, iste’molchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va ularning qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

Hududiy jamiyatlarga bunday amaliy-uslubiy ko‘mak ko‘rsatib borilishi tizimda yagona ish amaliyotini shakllantirish, joylardagi faoliyat samaradorligini oshirish va eng muhimi, iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan huquqiy yordam sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Отправить комментарий