Tabiiy gaz iste’molchilari (aholi) o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari
Hududiy birlashma tomonidan aholiga tabiiy gaz yetkazib berish sifati, ta’minotning barqarorligi, gaz bosimi, hisob-kitoblar, hisoblagichlar bilan bog‘liq holatlar, gaz xavfsizligi hamda iste’molchilarning ko‘rsatilayotgan xizmatlardan qoniqish darajasini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazildi.
So‘rovnoma natijalarini tahlil qilish jarayonida 16 ta tuman va shahardan jami 381 nafar aholining fikrlari o‘rganildi.
1. Tabiiy gaz ta’minotining barqarorligi
So‘rovda ishtirok etganlarning 251 nafari (65,9 foiz) tabiiy gaz ta’minotini barqaror deb baholagan. 49 nafar (12,9 foiz) iste’molchi ta’minotni qisman barqaror, 47 nafar (12,3 foiz) esa barqaror emas deb hisoblagan. Ayniqsa, Qo‘shtepa tumanida 20 nafarning barchasi, Farg‘ona tumanida ham 20 nafarning barchasi gaz ta’minotini barqaror emas deb baholagan. Qo‘qon shahrida 20 nafardan 17 nafari ta’minotni «qisman» barqaror, 3 nafari esa barqaror emas deb ko‘rsatgan. Farg‘ona shahri, Quvasoy shahri, Quva tumani, Uchko‘prik tumani va Bag‘dod tumanida respondentlarning aksariyati ta’minotni barqaror deb baholagan.
2. Gaz ta’minotida uzilishlar va bosim bilan bog‘liq muammolar
So‘nggi 30 kun davomida gaz ta’minotida uzilish kuzatilmaganini 221 nafar respondent bildirgan. Shu bilan birga, 132 nafarda 1–3 marta, 26 nafarda 4–10 marta, 2 nafarda esa 10 martadan ko‘p uzilish kuzatilgan. Uzilishlar bo‘yicha ayrim hududlarda sezilarli farq mavjud. Xususan, Farg‘ona, Oltiariq va Rishton tumanlarida uzilishlar nisbatan ko‘proq qayd etilgan. Yozyovon, Bog‘dod va Beshariq tumanlarida ham uzilishlar kuzatilgan bo‘lsa-da, ularning davriyligi turlicha. Gaz bosimi masalasida esa 179 nafar iste’molchi bosimni yetarli deb hisoblagan, 129 nafar ba’zan bosim pasayishini, 71 nafar esa bosim yetarli emasligini bildirgan. Ayniqsa, Qo‘shtepa tumanida 20 nafarning barchasi, Farg‘ona tumanida 15 nafar, Quvasoy shahrida 15 nafar va Oltiariq tumanida 4 nafar respondent gaz bosimini yetarli emas deb baholagan.
3. Qish mavsumi — asosiy muammoli davr
So‘rov natijalarining eng muhim jihatlaridan biri — aholining qish mavsumida tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar kuchayishini qayd etganidir. Jami 285 nafar, ya’ni 74,8 foiz respondent qish mavsumida gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar kuchayishini bildirgan.
Xususan, Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon, Quvasoy, Quva, Yozyovon, Uchko‘prik va Beshariq hududlarida mazkur muammo yuqori darajada qayd etilgan. Respondentlarning takliflarida asosan qish mavsumida gaz bosimini barqarorlashtirish, uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik va ta’minot hajmini oshirish kabi masalalar ko‘tarilgan.
4. Uzilishlar haqida oldindan xabardor qilish
Iste’molchilarning 210 nafari gaz uzilishi yoki bosim pasayishi haqida doimo oldindan xabar berilishini, 89 nafari ba’zan xabar berilishini, 76 nafari esa bunday ogohlantirish berilmasligini bildirgan. Ayniqsa, Qo‘shtepa tumanida 20 nafar, Farg‘ona tumanida 20 nafar respondent oldindan xabar berilmasligini ko‘rsatgan. Bu holat iste’molchilarni axborot bilan ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish zarurligini ko‘rsatadi.
5. Hisoblagich va hisob-kitoblar
So‘rovda qatnashganlarning 343 nafari hisoblagich ko‘rsatkichlari to‘g‘ri aks ettirilishini bildirgan bo‘lsa, 21 nafar bunga salbiy javob bergan, 13 nafar iste’molchining esa shubhasi bor. Shu bilan birga, 95 nafar respondentda asossiz qarzdorlik hisoblangani qayd etilgan. Bu umumiy ishtirokchilarning qariyb chorak qismini tashkil etadi.
Hisoblagich bilan bog‘liq muammolar ham kam emas: 103 nafar iste’molchi bunday holatga duch kelganini bildirgan. Ular orasida hisoblagich ishlamasligi, plomba bilan bog‘liq muammolar, qarzdorlik va boshqa holatlar qayd etilgan.
6. Gaz xavfsizligi bo‘yicha tushuntirish ishlari
Gaz sizib chiqishiga shubha tug‘ilganda qaerga murojaat qilishni 342 nafar respondent bilishini bildirgan. 34 nafar iste’molchi esa bu borada aniq ma’lumotga ega emas. Biroq gaz xavfsizligi bo‘yicha aholiga tushuntirish ishlari o‘tkazilishi masalasida vaziyat bir xil emas: 146 nafar «muntazam», 116 nafar «ba’zan», 113 nafar esa umuman tushuntirish ishlari o‘tkazilmasligini bildirgan. Bu ko‘rsatkich aholi o‘rtasida gazdan xavfsiz foydalanish bo‘yicha profilaktik va tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
7. Murojaatlar bilan ishlash
So‘rov ishtirokchilarining 126 nafari gaz ta’minoti bo‘yicha shikoyat yoki murojaat qilganini bildirgan. Ularning 74 nafari murojaati hal etilganini, 35 nafari hal etilmaganini, 17 nafari esa qisman hal etilganini qayd etgan. Demak, murojaatlarni ko‘rib chiqish va muammoni yakuniga yetkazish masalasida ham xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar oldida muayyan vazifalar mavjud.
8. Tuman va shaharlar kesimida asosiy muammolar
So‘rov natijalarida ayrim hududlarda quyidagi muammolar alohida ajralib turdi:
• Qo‘shtepa tumanida — gaz ta’minoti barqaror emasligi, bosim yetarli emasligi, uzilishlar va oldindan xabar berish bilan bog‘liq muammolar;
• Farg‘ona tumanida — gaz bosimining pastligi, ayniqsa qish mavsumida ta’minotning yomonlashishi, qarzdorlik va murojaatlarning hal etilishi bilan bog‘liq masalalar;
• Qo‘qon shahrida — qishki mavsumda ta’minot va gaz bosimi bilan bog‘liq muammolar;
• Quvasoy shahrida — qish mavsumida gaz bosimining pasayishi va uzilishlar;
• O‘zbekiston tumanida — qish oylarida gaz bosimining pasayishi, uzilishlarsiz va yetarli bosimda gaz yetkazib berish zarurati;
• Rishton tumanida — qish mavsumida gaz bosimining pasayishi va gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash masalalari;
• Oltiariq tumanida — gaz bosimining pastligi, gaz tarmog‘iga ulanish va ruxsat berish bilan bog‘liq masalalar;
• Toshloq tumanida — qish mavsumida uzilishlarning oldini olish va ta’minot barqarorligini ta’minlash;
• Marg‘ilon shahrida — qish mavsumida gaz bosimini oshirish zarurati;
• Bog‘dod tumanida — tabiiy gaz ta’minoti va, xususan, metan shoxobchalarida gaz ta’minoti masalalari bo‘yicha takliflar bildirilgan.
Xulosa
Umuman, so‘rovnoma natijalari aholining tabiiy gaz ta’minotidan qoniqish darajasi o‘rtacha ekanini ko‘rsatmoqda. Xizmatdan umumiy qoniqish o‘rtacha 3,54 ball, xizmat ko‘rsatish tezligi esa 3,43 ball bilan baholangan.
Tahlil natijasida eng dolzarb masalalar sifatida qish mavsumida gaz bosimining pasayishi, ta’minotda uzilishlar, iste’molchilarni oldindan xabardor qilish, asossiz qarzdorlik, hisoblagichlar bilan bog‘liq muammolar hamda murojaatlarni to‘liq va o‘z vaqtida hal etish masalalari namoyon bo‘ldi.
Shu munosabat bilan tabiiy gaz ta’minoti korxonalari tomonidan, ayniqsa qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida, muammoli hududlar kesimida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish, gaz bosimini barqarorlashtirish, uzilishlar haqida iste’molchilarni o‘z vaqtida xabardor qilish, hisob-kitoblardagi bahsli holatlarni qayta ko‘rib chiqish va murojaatlarni hal etish samaradorligini oshirish maqsadga muvofiq.



Отправить комментарий