Fuqarolar murojaatlari doimiy e’tiborda

Fuqarolar murojaatlari doimiy e’tiborda

Insonlarning dardu tashvishlarini o`ylab yashash odamiylikni eng oliy mezonidir.
Sh.Mirziyoyev

Bugungi kunda O`zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy organlari tomonidan fuqarolarning murojaatlarini ko`rib chiqish bo`yicha samarali natijalarga erishilayotganligi bor gap. Federatsiyaning respublikamiz hududlarida faoliyat olib borayotgan tuman va shahar jamiyatlari xodimlari tomonidan fuqarolarning turli mazmundagi murojaatlari qisqa fursatda ko`rib chiqilib, ijobiy natijalar qayd etilmoqda. Bunda esa tizimda xodimlarni malakasini doimiy oshirib borish, o`zaro tajriba almashish, shuningdek xorij mamlakatlaridagi ilg`or turdosh tashkilotlarning tajribasini o`rganish, mamlakatimizdagi vazirlik va idoralar, xorijiy hamkorlar bilan imzolangan memorandumlar, hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejalarining o`ziga xos o`rni bor. Natijada ishlarda sifat ko`rsatkichlari oshib, ko`p miqdordagi mablag`lar iste’molchilar foydasiga hal etib berilishiga, ularning poymol bo`lgan huquqlarini tiklab berilishiga erishilayotganligi aholining tizim tashkilotlariga bo`lgan ishonchini ham orttirmoqda, desak mubolag`a bo`lmas.
Bag`dod tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Аmirobod MFYda yashovchi fuqaro N.Kenjaevaning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti ishonch telefoniga qilgan murojaati tegishliligi bo`yicha o`rganib chiqilishi uchun kelib tushdi.
Murojaatda bildirilishicha, fuqaro N.Kenjaeva Bag`dod tumani markazida joylashgan “Ishonch” kredit do`konidan umumiy qiymati 11015000 (o`n bir million o`n besh ming) so`mga mebellar to`plamini bir yilda bo`lib-bo`lib to`lash sharti bilan sotib olgan. Covid-19 kasalligi pandemiyasi sharoitida vaqtincha ishsiz qolgan fuqaro oylik to`lovlarni o`z vaqtida amalga oshirolmay qolgan. Isteʼmol krediti beruvchi tashkilot esa to`lovni amalga oshirishi lozimligi, aks holda to`lovlar sud tartibida undirib olinishi ogohlantirish bergan. Karantin sharoitida biroz qiyinchilikka duchor bo`lib turgan fuqaro ishonch telefoniga murojaat qilishga majbur bo`lgan.
Tuman jamiyati tomonidan mazkur murojaatni o`rganish davomida isteʼmol krediti tashkiloti bilan olib borilgan muzokaralar natijasida fuqaroga to`lovlarni amalga oshirish bo`yicha bir muncha yengillik beriladigan bo`ldi.
Shuningdek, Samarqand qishlog`ida yashovchi fuqaro N.Yuldosheva yashash xonadonida foydalanilgan elektr energiyasi uchun noto`g`ri hisoblash amalga oshirilganligi, natijada 900000 (to`qqiz yuz ming) so`m asossiz qarzdorlik yuritilganligi holati yuzasidan tuman jamiyatiga og`zaki shaklda murojaat qilgandi. Tuman jamiyati xodimi Q.O`rinov tomonidan o`tkazilgan o`rganishlar natijasiga ko`ra murojaat egasining haqligi maʼlum bo`ldi.
Fuqaro mazkur masalada bir necha marotaba tuman elektr tarmoqlari korxonasi mijozlar bilan ishlash bo`limiga murojaat qilganligini, lekin aniq javob ololmay anchagina ovora bo`lganligini bildirib, tuman jamiyati xodimlariga samimiy minnatdorchilik izxor qildi.

Dilorom Mirzaeva
Bag`dod tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий