Tushuntirishlar kor qilib aviachipta puli qaytarildi
Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Pandigon MFY hududida yashovchi fuqaro V.Xomidovning Rossiya Federatsiyasiga uchish uchun sotib olingan va uzrli sabablar bilan qoldirilgan chiptaning pulini qaytarib olish masalasida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
Murojaatdan ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi Rishton tumani markazida joylashgan “Rishton parvoz trans” MChJ qarashli aviachiptalarni sotish shahobchasidan Toshkent — Moskva (Domodedovo aeroporti) yo‘nalishi bo‘yicha charter reys bilan uchuvchi aviatashuvchi chiptasini 1150 AQSh dollariga sotib olgan. Uchish amalga oshiriladigan vaqtga yaqin qolgan vaqtda fuqaro V.Xomidovda Rossiya Federatsiyasiga kirish uchun taqiq borligi to‘g‘risidagi ma’lumot olingan. Natijada u mazkur reys bilan ucha olmagan. Shundan so‘ng, u amalga oshira olmay qolgan aviareys chiptasi pulini qaytarilishi borasidagi masalani mazkur shahobcha sotuvchisi bilan hal qila olmagan.
O‘zbekiston Respublikasining Havo kodeksi 104-moddasiga ko‘ra, yo‘lovchi havo transportida tashish shartnomasi amal qilib turgan istalgan vaqtda, aytaylik havo kemasi parvoz qilgunicha havo transportida tashish shartnomasini bekor qilish va tashish uchun to‘langan summaning hammasini yoki bir qismini tashuvchining tariflarini qo‘llash qoidalarida belgilangan tartibda olish huquqiga ega.
Amaldagi tartib-qoidalarga ko‘ra, yo‘lovchining parvozdan voz kechish bilan bog‘liq talablari majburiy yoki ixtiyoriy asoslarda bo‘lishi mumkin. Majburiy voz kechilishiga olib keluvchi holatlar aviakompaniya bilan bog‘liq holatlar va bog‘liq bo‘lmagan holatlarga bo‘linadi.
Aviareys amalga oshirilishini bekor qilinishi, ushlanib (kech) qolishi, aviatashuvchi tomonidan tashish yo‘nalishini o‘zgartirilishi, aviatashuvni jadvalda ko‘rsatilgan vaqtini o‘zgarishi kabi holatlar aviakompaniya bilan bog‘liq holatlar sirasiga kiritilsa, yo‘lovchining kasal bo‘lib qolishi yoki o‘zining, uning oila a’zolaridan birining vafoti, yo‘lovchi uchun to‘ldirilgan chiptadagi xatoliklar, viza berilishini rad qilinishi kabi holatlar esa aviakompaniyaga bog‘liq bo‘lmagan, lekin yo‘lovchining aviatashuvdan majburiy voz kechishiga olib keluvchi holatlar sifatida baholanadi.
Aviatashuvdan ixtiyoriy asoslarda voz kechish holatlari sifatida esa, quyidagi holatlarni keltirib o‘tish mumkin: ro‘yxatdan o‘tishga kech qolish, uchish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni (pasport, birgalikda ketayotgan bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi, viza va boshqalar) yo‘qligi yoki noto‘g‘ri to‘ldirilganligi, uchish aeroporti hududida pasport, bojxona, immigratsiya va boshqa shu kabi nazorat organlari tomonidan yo‘lovchining aviareysdan olinishi (qoldirilishi) to‘g‘risidagi qaror, muayyan joyga boriladigan vaqtdagi (xizmat safari kunidagi) o‘zgarishlar, rejalarning o‘zgarishi (hohishning yo‘qolishi, poyezd ketishga qaror qilinishi va boshqalar), yo‘lovchining ko‘rsatilgan manzilga borishiga to‘sqinlik qiluvchi shaxsiy sabablar (uzoqroq qarindoshining kasalligi yoki o‘limi, turmush o‘rtog‘i bilan janjallashib qolganligi, imtihonalarda qatnashish va hakozolar).
Buning nima ahamiyati bor deyishingiz mumkin? Havo kodeksining yuqoridagi moddasiga sinchiklab nazar solinsa, “… to‘langan summaning hammasini yoki bir qismini tashuvchining tariflarini qo‘llash qoidalarida belgilangan tartibda olish …”, degan jumlalarga ko‘zingiz tushadi. Demak, yo‘lovchi to‘langan summaning hammasini ham olishi mumkin, uning bir qismini olib qolishlari ham mumkin. Bu esa tashuvchining tariflarini qo‘llash qoidalari bilan belgilab qo‘yiladi.
Yo‘lovchida aviatashuvdan majburiy voz kechilishi bilan bog‘liq holatlarda to‘langan summaning hammasini qaytarib olish imkoniyatining mavjudligi esa iste’molchi uchun ahamiyatlidir.
O‘rganuvda aviachipta sotuvchi shahobcha mas’ullari bilan uchrashilib, amaldagi qonun va qonun osti me’yoriy hujjatlari bo‘yicha tushuntirishlar olib borildi. Natijada iste’molchi V.Xomidovga aviachipta puli qaytarilishiga erishildi. O‘rganuv ishlaridan qoniqish hosil qilgan iste’molchi tuman jamiyati xodimlariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Xusniddin Latipov
Rishton tuman IHHQ jamiyati bosh mutaxassisi
Отправить комментарий