Shahar jamiyati raisi tibbiyot xodimlari bilan uchrashdi
Marg‘ilon shahar jamiyati raisi tomonidan shahardagi 7-oilaviy poliklinikada tashkillangan Federatsiya tayanch guruhi a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda Federatsiya a’zolarining iste’molchilik sohasiga oid muammo va takliflari hamda ularning bu boradagi fikr-mulohazalari tinglandi.
Uchrashuvda so‘z olganlar asosan kommunal soha tashkilotlarida noreal qarzdorliklarga yo‘l qo‘yilayotgani, kredit olish va kreditga mahsulot sotib olishda yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdilar. Shunday murojaatlardan biri poliklinika hamshirasi R. Ermatova tomonidan bildirildi. Unga ko‘ra, ularning yashash xonadonida o‘rnatilgan suv hisoblagich uskunasining davlat qiyoslovidan o‘tkazish muddati yetib kelganligi sababli qiyoslovdan o‘tkazdirishgani, lekin shundan so‘ng suv ta’minoti idorasi mas’ullari tomonidan tashkilot tamg‘asini o‘z vaqtida qayta ro‘yxatga kiritib berilmagani oqibatida 824000 so‘m miqdoridagi qarzdorlik yuzaga kelgan. Ushbu murojaat shu joyning o‘zida tegishli ravishda qayd qilib olinib, jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilishi uchun yo‘naltirildi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida qo‘shimcha o‘rganishni talab qilmaydigan murojaatlar hamda sohaga oid savollar yuzasidan huquqiy maslahatlar berib o‘tildi. Shubhasiz, bu kabi uchrashuvlar Federatsiya va uning a’zolari o‘rtasidagi doimiy aloqani ta’minlanishiga va yanada mustahkamlanishiga omil bo‘lib xizmat qiladi.
Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий