Men — yosh iste’molchiman
Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining asosiy faoliyat yo‘nalishlari rejasiga asosan tumandagi ta’lim va o‘quv yurtlarida o‘quvchilarning iste’molchilik sohasiga oid bilimlarini oshirish maqsadida “Men yosh iste’molchiman” mavzusida o‘quv seminarlari o‘tkazib kelinmoqda. Navbatdagi seminar ham shu mavzuda tumandagi 38-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.
Bilim maskanining o‘qituvchi va yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etgan ushbu tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan maktab direktori A. Yusupov barchaning iste’molchi sifatida o‘z haq-huquqlarini yaxshi bilishi kerakligiga alohida urg‘u berib o‘tar ekan, yoshlarni tadbirda faol ishtirok etishga undadi. Unda so‘z olgan tuman jamiyati raisi U. Mirzaumarov bunday tadbirlarni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishdan iboratligini ta’kidlab o‘tar ekan, tadbir ishtirokchilarini mamlakat iste’molchilik ijtimoiy harakati faoliyatida ishtirok etishga chaqirdi.
Shundan so‘ng tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan seminar kun tartibidagi masalalar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar olib borilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.
Shohista Rahimova
Tuman jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий