Bir xil mazmundagi 33 murojaat ortidagi 32 mln so‘m noreal qarzdorlik

Bir xil mazmundagi 33 murojaat ortidagi 32 mln so‘m noreal qarzdorlik

Quva tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning Go‘zal, Taxtako‘prik, O‘raboshi, Turk mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi jami 33 nafar iste’molchilarning tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha hisoblangan qarzdorlikdan norozi bo‘lib yozgan arizalari o‘rganildi.

Mazkur arizalarni barchasini jamlab o‘rganilishiga sabab ularning deyarli barchasida: “Men tabiiy gazdan haqdor bo‘lishimga qaramay, «Hududgaz Farg‘ona» gaz ta’minoti filiali tuman bo‘limi xodimlari hech qanday ogohlantirishsiz, 2022 yil yanvar oyidan buyon normativ holatga o‘tilgan deb, menga noreal qarzdorlik chiqarib ketishdi, lekin men gaz hisoblagich uskunasi asosida tabiiy gazdan foydalanib kelaman”, — degan jumlalarga ko‘zingiz tushadi.

Tuman jamiyati tomonidan ushbu murojaatlarni o‘rganish davomida gaz ta’minoti idorasi xodimlari tomonidan aholi xonadonlariga o‘rnatilgan eski gaz hisoblagichni yangi zamonaviy elektron gaz hisoblash uskunasiga almashtirish jarayonida mazkur iste’molchilarning almashtirilayotgan hisoblagichlaridagi ko‘rsatgichlarni sun’iy ravishda oshirib yuborilishi oqibatida norel qarzdorliklar vujudga kelganligi ma’lum bo‘ldi.

O‘rganish yakunlari bilan jami 33 nafar murojaatchilarga nisbatan chiqarilgan 32 mln 031 ming 065 so‘m noreal qarzdorlikni qayta hisob-kitob qilib, gaz ta’minoti tashkilotining “Billinggaz” dasturidan chiqarish yuzasidan aloqa xati chiqarildi.

Adxamjon Xamidov
Quva tuman jamiyati raisi

Отправить комментарий