Shahar jamiyati aralashuvi bilan chala qolib kelgan ish nihoyasiga yetkazildi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Zuxro ko‘chasida yashovchi A. Eshmatovning suv ta’minoti korxonasi xonadoniga noreal qarzdorlik hisoblayotganligidan norozi bo‘lib qilgan murojaatini o‘rganilishi jarayonida birgina uning emas, balki shahardagi yana 1372 nafar iste’molchining xuddi shu masaladagi muammosi mavjudligi ayon bo‘lib qoldi.
O‘rganishlar jarayonida «Farg‘ona suv ta’minoti» MChJ Marg‘ilon filialining elektron bazasida noreal qarzdorlik sifatida e’tirof etilib, lekin tegishli tartibda tasdiqlanmasdan turgan yuqoridagi mingdan ortiq iste’molchilarga hisoblangan 172 mln 346 ming 329 so‘mlik summa mavjudligi, ushbu summalar esa tashkilotning respublika organi tomonidan tasdiqlangachgina bazadan chiqarilishi mumkinligi ma’lum qilindi.
Shahar jamiyati mutaxassislari mazkur masalaga aniqlik kiritish uchun tashkilotning respublika boshqaruvi mas’ul xodimlari bilan bog‘langanlarida, masala jinoyat ishlari bo‘yicha sudning 27.07. 2022 yil kungi qaroriga ilova qilingan ro‘yxatning aynan masalani ko‘rib chiqqan sud idorasi tomonidan tasdiqlab berilishi bilan hal qilinishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish ishlari doirasida mazkur ro‘yxat sud idorasi tomonidan tasdiqlanib, ichimlik suvi ta’minoti tashkilotining yuqori turuvchi respublika tashkilotiga elektron tarzda taqdim qilinishi bilan, shahardagi 1372 nafar iste’molchilar uchun bosh og‘rig‘i bo‘lib kelayotgan 172 mln so‘mdan ortiq mablag‘ning noreal qarzdorlik sifatida elektron bazadan olib tashlanib, iste’molchilar foydasiga chegirib berilishiga erishildi.
Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий