Tizim tashkilotlariga kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish natijalari yuzasidan brifing o‘tkazildi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi va Farg‘ona viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan media tadbirlar rejasi asosida Farg‘ona shahridagi “NNTlar uyi”da “Tizim tashkilotlarida 2023 yil davomida iste’molchilarning murojaatlari bilan ishlash natijalari” mavzusida brifing o‘tkazdi. Tadbirda hududiy birlashma tizimidagi tashkilotlar mas’ul xodimlari, viloyatdagi NNTlar, ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda ta’kidlandiki, tizim tashkilotlariga o‘tgan 2023 yilda iste’molchilardan 866 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularni o‘rganish natijalariga ko‘ra 2 mlrd 077 mln 914 ming 962 so‘m mablag‘larni iste’molchilarning foydasiga qayta hisob-kitob qilishga erishilgan. Murojaatlarning 649 tasi tizim tashkilotlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozma, og‘zaki va elektron shakllarda kelib tushgan bo‘lsa, 199 tasi Federatsiya markaziy apparatidan, 18 ta murojaat esa Hukumat idoralaridan yuborilgan. Murojaatlarning 33.5 % i savdo sohasiga to‘g‘ri kelgan va 2022 yilning mos davriga nisbatan olinganda ularning hajmi 1,4 barobarga oshgan. Savdo sohasiga oid murojaatlarda eng yuqori salmoq (44,8 %) maishiy texnika buyumlari xaridi va ulardagi nuqsonlar bilan bog‘liq bo‘lgan murojaatlarga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan olinganda kommunal xo‘jalik (shirkatlar) masalalaridagi murojaatlar soni 2,5 barobarga, suv ta’minoti masalalarida 1,6 barobarga, xizmat ko‘rsatish (servis) masalalaridagi murojaatlar 1,3 barobarga, elektr ta’minoti masalalaridagi murojaatlar 1,2 barobarga o‘sgan.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Отправить комментарий