Iste’molchi tomonidan bildirilgan e’tirozlar o‘rinli deb topilib, avtomashina maqbul sifatdagisiga almashtirildi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Quva tumani «Mozortagi» mahalla fuqarlar yig‘ini hududida yashovchi V.F.ning avtosalon tomonidan yetkazib berilayotgan avtomashinadagi nuqsonlar yuzasidan qilingan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchiga ko‘ra, unga Farg‘ona shahridagi «Fegana motors» MChJ bilan 2023 yilning 25 dekabrida imzolangan shartnomaga asosan qiymati 146 757 000 so‘m bo‘lgan COBALT GX-STYLE AT PLUS rusumli (rangi Summit white) avtomashinasi yetib kelganligi to‘g‘risida ma’lum qilishgach uni qabul qilib olish uchun avtosalonga tashrif buyurganida, avtomobilni qabul qilib olishdan oldin ko‘zdan kechirib, bir qator nuqsonlari mavjudligini aniqlagan. Xususan, avtomashina eshiklari orasidagi bo‘shliq (zazor)lar mavjudligi, ayrim joylarida bo‘yoqlari ko‘chgan qismlari borligi, oyna rezinalarini notekis o‘rnatilganligi kabi nuqsonlarni ko‘rib avtomashinani qabul qilishdan bosh tortgan hamda unga maqbul sifatdagi avtomashina yetkazib berilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
«Iste’molchi shartnoma tuzish yo‘li bilan tovarni (ish xizmat)ni erkin sotib olish huquqiga ega bo‘lib, bu shartnomaga ko‘ra sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) iste’molchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish (ish bajarish, xizmat ko‘rsatish) majburiyatini, iste’molchi esa, shartlashilgan pulni to‘lash majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar.»
(«Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun 8-moddasidan)
Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassislari murojaat asosida o‘rganish ishlari hamda mas’ullarga qonunchilik targ‘ibotini olib borishlari jarayonida mazkur avtomashina bildirilgan e’tirozlarning o‘rinli ekanligi isbotini topib, nuqsonlari mavjud avtomashina xuddi shu rusumdagi maqbul sifatdagisiga almashtirib berilishiga erishildi.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий