Iste’molchining o‘z vaqtida qaytarilmay ushlab turilgan pul mablag‘i summasiga foiz undirildi

Iste’molchining o‘z vaqtida qaytarilmay ushlab turilgan pul mablag‘i summasiga foiz undirildi

Ilgariroq, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasida Quvasoy shahrida yashovchi M.A.ning “Damas” rusumli avtomashina xarid qilish uchun “Umid avto kompanies” MChJ bilan imzolagan shartnoma shartlari o‘z vaqtida bajarilmagani va shu sababli to‘langan pullarini qaytarib olishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganilganligi hamda o‘rganish yakunlari bilan MChJ iste’molchiga 56 469 000 so‘m pullarini qaytarganligi to‘g‘risida xabar berib o‘tgan edik.

Umuman olganda ish iste’molchi foydasiga hal bo‘lgan va fuqaro o‘z pullarini qaytarib olgan bo‘lsada, hududiy birlashma iste’molchining pullarini o‘z vaqtida qaytarilishini ta’minlab berilmasligi, ya’ni 4 oy-u 12 kun asossiz ushlab turilganligi holati yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritdi. Da’vo ariza Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudida ko‘rib chiqilib, hududiy birlashma kiritgan da’vo arizasi qanoatlantirildi.

Sud ishni ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 234, 236 va 327-moddalariga asoslanib hal qiluv qarori chiqardi. Xususan, kodeksning 327-moddasiga ko‘ra, boshqa shaxslarning pul mablag‘larini g‘ayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni to‘lashni boshqacha tarzda kechiktirish yoki boshqa shaxs hisobidan asossiz olish yoki jamg‘arish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablag‘lar summasiga foiz to‘lanishi kerak. Sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra, javobgar shartnoma bo‘yicha da’vogarga o‘z vaqtida mashina yetkazib bermaganligi yo to‘langan pullarni qaytarib bermaganligini inobotga olib, da’vogar M.A. foydasiga 2 902 326 so‘m bank foizi undiriladigan bo‘ldi.

Faxriddin Boynazarov,
O‘IHHQJF Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi sektor boshlig‘i.

Отправить комментарий