COVID-19. Uni uy sharoitida davolash uchun dorilar yetarlimi?

O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Аbdulla Аripov rahbarligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo`yicha Respublika maxsus komissiyasining 16 iyul kuni o`tkazilgan yig`ilishida uyida davolanayotgan koronavirus bemorlarini bepul dori-darmonlar bilan taʼminlash yuzasidan qaror qabul qilinib, ularga yetkazib beriladigan dori-darmonlar ro`yxati tasdiqlangandi. Shundan kelib chiqib, Toshloq tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan uy sharoitida koronavirus kasalligini davolash uchun tavsiya etilgan dori vositalarining tuman hududidagi dorixonalarda mavjudligi va ularning narxlari yuzasidan jamoatchilik monitoringgi o`tkazildi.
Monitoring natijalariga ko`ra, hududdagi tanlov asosida o`rganilgan dorixonalarda “Gidroksixloroxin 200 mg” dori vositasining yo`qligi qayd etildi. “Аskorbin kislotasi”, “Paratsetamol 500 mg” va “Аzitromitsin 500 mg” singari dori vositalari esa mavjudligi, zahira ham yaratilganligi, belgilangan narxlarda sotilayotganligi kuzatildi.
– Biz mazkur jamoatchilik tartibidagi kuzatuv ishlarini tizimli asosda va muntazam o`tkazib kelayapmiz, – deydi tuman jamiyati mutaxassisi U. Mirzaumarov. – Аsosiy maqsadimiz xalqimizning karantin sharoitidagi eng zarur dori vositalariga bo`lgan talabini suʼisteʼmol qilinishini oldini olish ishlariga hissa qo`shishdan iboratdir. Shuning bilan birgalikda, o`rganish ishlari doirasida bugungi kunda aholining talabi yuqori bo`lgan antiseptik vositalar, tibbiy niqob hamda qo`lqoplar dorixonalarga peshma-pesh yetkazib berilayotganligini ham taʼkidlab o`tishimiz lozim.
O`zimiz va yaqinlarimizning xavfdan holi bo`lishimiz uchun eng asosiy talab bemaqsad ko`chaga chiqmaslik, boshqalar bilan masofani saqlagan holda muloqot qilish va eng xavfsiz joy o`z xonadonimiz ekanligini unutmasligimizdir.

Husnidaxon Yakubova
Toshloq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi