Sotuvchi isteʼmolchining qonuniy talabini qondirishga majbur bo`di

Oltiariq tuman Yangiarab qishlog`ida istiqomat qiluvchi T.Dadaqo`ziev tuman markazida savdo faoliyatini olib borayotgan tadbirkor D.Ergashevaga qarashli savdo do`konidan o`zi uchun Nobby rusumli telefon apparatini 850 ming so`mga sotib olgan. Lekin oradan ikki kun o`tib-o`tmay isteʼmolchi unda nuqson borligini payqagan. Yaʼni telefon to`liq zaryadlansada u hech qancha ishlamasdan o`chib qolavergan. Isteʼmolchi sotuvchiga uchrashib, o`zining bu boradagi qonuniy huquqlaridan biri – nuqsonli tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirilishi talabini qo`ygan. Biroq tadbirkor uning qonuniy talabini bajarmagach, u tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma ravishda murojaat qilgan.
O`zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunining 13-moddasiga ko`ra o`ziga nuqsonli tovar sotilgan isteʼmolchi mazkur tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirib olishga huquqi bor, almashtirish esa mazkur qonunning 14-moddasiga ko`ra isteʼmolchi talab qo`ygan paytdan eʼtiboran 7 kun ichida amalga oshirilishi lozim. Qonunda belgilangan muddatlarga amal qilmaslik esa, sotuvchi tovar bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to`lashiga olib keladi.
Isteʼmolchi murojaatni tegishli tartibda o`rganib chiqilishi jarayonida sotuvchiga qonunnng yuqoridagi talablari tushuntirildi. Natijada isteʼmolchining qonuniy talabi qondirilib, undagi nuqsonli telefon apparati xuddi shunday markadagi maqbul sifatdagisiga bepul almashtirib berilishiga erishilib, fuqaroning salkam bir million so`m zarar ko`rishini oldi olindi.

Dilobar Dadaxonova
Oltiariq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi