Uyali telefon apparati bilan bog`liq muammo hal etildi

Farg`ona shahrida yashovchi fuqaro I. Jamolov 2019 yilning oktyabr oyida shaxsiy isteʼmol uchun foydalanish maqsadida shahardagi “Ishonch kredit savdo” MChJdan 531 000 (besh yuz o`ttiz bir ming) so`mlik “Texet” TM-317 rusumli uyali aloqa vositasini sotib oladi. Lekin oradan besh oy vaqt o`tgach so`ng ushbu telefon apparati ishlamay qoladi.

Fuqaroning telefon apparatini tuzatib berishlarini yoki boshqasiga almashtirib berishlarini so`rab, savdo do`koniga qilgan murojaatlari uning tomonidan isteʼmol krediti to`lovlarini o`z vaqtida to`lanmayotganligi haqidagi daʼvolar asosida eʼtiborsiz qoldirilgan.

Isteʼmolchi bu orada telefon apparatlarini tuzatish bilan shug`ullanuvchi ustalarning bir nechtasiga murojaat qilgan, lekin ulardan “Ushbu uyali aloqa vositasi mashhur brendga tegishli bo`lmaganligi sababli, unga zarur ehtiyot qismlarining yo`qligi uchun taʼmirlashni amalga oshirishni imkoni yo`q”, – degan javobni eshitgan.

Shunday kunlarning birida hamkasblari unga mazkur masalada Farg`ona shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib ko`rishni maslahat berishgan.

Shahar jamiyati ijro etuvchi apparati xodimlari tomonidan masʼuliyati cheklangan jamiyat mutasaddilariga O`zbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonuni tegishli bandlari bo`yicha tushuntirishlar berilib, isteʼmolchining masalasini hal etish borasidagi talab qo`yildi hamda ular tomonidan nuqsonli telefon apparatini bepul taʼmirlatib berilishiga erishildi.

–          Mening “Ishonch kredit savdo markazi”dan sotib olgan telefonda nuqson borligi maʼlum bo`lgach, ularga taʼmirlatib berilishi yoki almashtirilishini so`rab qilgan talabim ijobiy hal etilmayotganligi to`g`risidagi murojaatim Farg`ona shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o`rganib chiqilib, hal etib berildi. Men shahar jamiyati rahbari va xodimlariga o`z minnatdorchiligimni bildiraman,deydi I. Jamolov o`rganish natijalari bo`yicha bergan minnatdorchilik xatida.

 

Shermurod Oxunov

Farg`ona shahar IHHQ jamiyati bosh mutaxassisi