IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tmagan mobil qurilmalarni sotilishi bilan bog‘liq masalalar hali-hanuz uchrab turibdi

Oltiariq tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Jonibek MFY hududida yashovchi fuqaro D.Xolbekovning O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.

Iste’molchi tuman markazidagi “Grand kredit” savdo do‘konidan muddatli to‘lov asosida 4 030 000 (to‘rt million o‘ttiz ming) so‘mga “Samsung A 21S” rusumdagi qo‘l telefonini xarid qilgan. Lekin telefondan foydalanish jarayonida uning IMEI kodi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi ma’lum bo‘lgan. Natijada iste’molchi xarid qilingan tovardan foydalanishida muammolar yuzaga kelgan.

Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra, iste’molchiga tovarni sotish jarayonida u haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilgan bo‘lsa va bu holat zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararni qoplanishini talab qilish huquqiga ega. Iste’molchi D.Xolbekov bilan xuddi shunday holat sodir bo‘lgan, ya’ni xarid paytida unga xorijdan keltirilgan uyali telefon apparatining IMEI kodi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi to‘g‘risida ma’lumot berilmagan. Sababi bunday ma’lumot bugungi kunda o‘ta zarur ma’lumotlar sirasiga kiradi.

Murojaatni o‘rganish jarayonida savdo do‘koni mas’ullariga yuqorida nomi zikr etilgan Qonun targ‘iboti olib borildi. Iste’molchi huquqlari va sotuvchi majburiyatlari tushuntirildi. Natijada telefon apparati IMEI kodi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari sotuvchi tomonidan amalga oshirilib, yuzaga kelgan muammo bartaraf etilishiga erishildi.

Dilobar Dadaxonova
Oltiariq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi