Iste’molchilarni qanday muammolar qiynamoqda || Soha mutaxassislaridan intervyu

Barchamizga ma’lumki, hammamiz iste’molchi hisoblanamiz. Shu nuqtai nazardan, mana shu iste’molchik sohasiga oid bugungi kunda yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganish, tahlil qilish hamda mana shu muammolarni keltirib chiqarayotgan omillarni o‘rganish maqsadida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasiga daxldor bo‘lgan idoralar va tashkilotlarda foaliyat olib borayotgan mutaxassislardan bugungi kun iste’molchisini qanday muammolar qiynamoqda, mana shu tizim tashkilotlarida iste’molchilarni murojaatlari bilan ishlash qanday yo‘lga qo‘yilgan, umuman olganda Farg‘ona viloyati misolida iste’molchilarni huquqlarini buzilishi holatlarini keltirib chiqarayotgan sabablar va omillar nimalardan iboratligi masalasida soha mutaxassislariga murojaat qildik. Quyida mutaxassislardan olingan interv’yulardan qisqacha iqtiboslar keltirib o‘tamiz:

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoatchilik salomatligini muhofaza qilish Farg‘ona viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Erkinjon Nuriddinov ushbu masala quyidagilarga to‘xtaldi:

– Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan, hamma sohalarda bo‘lgani kabi, bizni tashkilotimizda ham fuqarolarni murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha talay ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, bugungi kunda tizimli asosda ishlab turgan Prezident vertual qabulxonasi, Bosh vazir qabulxonasi va Farg‘ona viloyat hokimligi, qolaversa Sog‘liqni saqlash vazirligining vertual qabulxonasiga tegishliligi bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib borish va hal qilish maqsadida alohida xodimlar ajratilgan. Kelib tushayotgan murojaatlarni shaklidan qat’iy nazar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari vazirligimiz tizimida ishonch telefonlari tashkil qilingan va mutaxassislar biriktirilgan. Ayniqsa, pandemiya sharoitida vazirlik tomonidan tashkil qilingan koll-sentr kechayu-kunduz faoliyat olib bordi va koll-sentr mutaxassislari fuqarolarni qiziqtirgan barcha savollarga malakali mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berib borildi.
2020 yil davomida muassasamizga 375 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shularning asosiy qismi, ya’ni 205 tasi elektron tarzda qabul qilingan. Kelib tushgan murojaatlar asosan ob’ektlarning sanitariya holatlari bo‘yicha, shuningdek koronavirus infeksiyasini yuqish yo‘llari, profilaktikasi, uni oldini olish, davolash bo‘yicha masalalarni o‘z ichiga oldi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Ekoinspeksiya boshlig‘i Sherzod Ismoilov tomonidan quyidagilarga to‘xtalib o‘tildi:

– Bugungi kunda boshqarmamiz tomonidan fuqarolar murojaatlari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari uchun, hamda shu sohaga oid qonunbuzilishi holatlarini oldini olish uchun davlat qo‘mitamiz tomonidan 1157 qisqa raqamli ishonch telefoni hamda viloyat boshqarmamizning 73 kodli 2446200 ishonch telefonlari tashkillangan hamda fuqarolarga internet saytlarimiz va ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qila olishlari uchun sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari tuman va shaharlardagi inspeksiyalarimizda ham o‘zlarini ishonch telefonlari ishlab turibdi. Hattoki, inspeksiya boshliqlarimizning qo‘l telefonlarini binoning kirish peshtoqlariga yozib qo‘yganmiz. 2020 yil davomida o‘zimizga kelib tushgan murojaatlar soni 451 tani tashkil qilgan bo‘lib, ushbu murojaatlari tegishliligi bo‘yicha davlat inspektorlari tomonidan o‘rganib chiqilgan. Albatta, murojaatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, insonlarimizning ekologik madjaniyati oshib borayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Murojaatlarda ko‘tarilayotgan eng dolzarb masalalardan biri bu chiqindilarni noqonuniy ravishda, belgilanmagan joylarga tashlash yoki noqonuniy chiqindixonalarni tashkil etish masalalaridir. Shuningdek, atmosfera havosini ifloslanish darajasi bo‘yicha ham murojaatlar ko‘pchilikni tashkil qilmoqda. Bular zavod fabrikalardan yoki ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan tutun yoki boshqa chiqindilardan aziyat chekayotgan fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlardir. Barcha murojaatlar murojaatchilar va keng jamoatchilik ishtirokida o‘rganib chiqilib, ijobiy hal qilingan.

O‘zstandart agentligi huzuridagi Departament Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Suhbatjon Niyozov:

– O‘zstandart agentligi tizimidagi tashkilotlariga bugungi kunda yozma, elektron va og‘zaki shakllarda murojaat qilish imkoniyati mavjud. Buning uchun Agentlikning standart.uz rasmiy sayti yoki 78 kodi bilan 1502300 raqamli ishonch telefonlariga murojaat qilish mumkin. Bundan tashqari Agentlikning viloyatdagi tizim tashkilotlarida ham ishonch telefonlari tashkillangan, buning uchun 73 kodi bilan 2445858 yoki 2445303 telefon raqamlariga murojaat qilish mumkin. O‘tgan 2020 yilda tizimiz tashkilotlariga 26515 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, metrologiya yo‘nalishi bo‘yicha 25585 ta, sertifikatlashtirish yo‘nalishi bo‘yicha 930 ta murojaatlar qabul qilingan. Metrologiya yo‘nalishi bo‘yicha aholidan iste’molda foydalanyotgan o‘lchov vositalarini qiyoslovdan o‘tkazish bo‘yicha murojaatlar asosan gaz, elektr, suv hisoblagichlarni o‘z vaqtida qiyoslash, davriy ko‘rikdan o‘tkazib turish bo‘yicha qilingan murojaatlardir.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Farg‘ona viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Yunusali Qozixonov:

– Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Prezidentimiz tashabbusi bilan 2019 yilda tashkil etilgan. Agentlikni asosiy vazifalaridan biri bugungi kunda iste’molchilardan tushayotgan murojaatlarni bevosita o‘rganib chiqish va ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, buning uchun Agentlik va hududiy boshqarmalarda ishonch telefonlari tashkil qilindi, rasmiy sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar ishlab turibdi. Agentlikning qisqa raqamli ishonch telefoni 1159. Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmamiz tizimida 3 ta bo‘lim faoliyat olib borayotgan bo‘lib, 2020 yilda ularga taalluqli masalalar bo‘yicha 1817 ta murojaatlar qabul qilib olindi. Ushbu murojaatlar asosan savdo, kommunal, transport va reklama sohalaridagi muammolar bo‘yicha murojaatlardir. Yana shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, murojaatlarning 60-70 foizi kommunal (gaz, elektr, suv ta’minoti) sohalarida iste’molchilarinng huquqlarini buzilishi bilan bog‘liqdir.

G‘ayrat Mamatqulov
Mustaqil tadqiqotchi