Dehqon bozorlarida sotilayotgan mahsulotlar talabga javob beradimi?

O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5430-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 28 noyabrdagi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 414-sonli qarorlaridan kelib chiqqan holda, viloyat hududidagi Dehqon bozorlarida Veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari (quyida “VSE laboratoriyasi” deb yuritiladi) faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi, ularning moddiy-texnik ta’minlanganligi, VSE laboratoriyalari tomonidan bozor hududlarida sotilayotgan go‘sht va go‘sht mahsulotlari, baliq mahsulotlari, meva va sabzavotlar hamda poliz mahsulotlarini sotishga tegishli ruxsatnomalar berilishi holatlarini jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish ishlari doirasida bir qator qonunbuzilishi holatlari qayd etildi. Xususan, Farg‘ona shahri “Markaziy Dehqon bozori” AJ VSE laboratoriyasi 2018 yilning 19 oktyabr’ kuni standartlashtirish idorasi tomonidan berilgan 53-sonli attestasiya xulosasi bilan ish yuritmoqda. Attestasiya xulosasining muddati 2019 yilning 19 oktyabr’ kuni o‘tib bo‘lgan.
Shuningdek, ushbu VSE laboratoriyasidagi texnik uskunalardan ayrimlari navbatdagi davlat qiyoslovidan o‘tkazilmasdan ishlatilmoqda. Jumladan, elektron tarozi uchun berilgan qiyoslov sertifikati shu yilning 28 fevral’ kuni, Laktan 1- 4 M uskunasi, SEOKS moslamasi va suyuqlik analizatori moslamalarining qiyoslov sertifikatlari esa shu yilning 10 mart kuni muddati tugaganligi kuzatildi. Ushbu holatlar Farg‘ona tumanidagi (elektron VK-300 nazorat tarozi davlat qiyoslov ko‘rigi muddati 2020 yil 19 aprel’ kuni o‘tgan) hamda Beshariq tumanidagi (Nitrat tester “SOEKS” sertifikatni amal qilish muddati 03.03.2021 yilda tugagan) VSE laboratoriyalarida ham kuzatildi. Farg‘ona tumani (Chimyon va Mindon Dehqon bozorlariga xizmat ko‘rsatuvchi) VSE laboratoriyasi mas’ul xodimi tomonidan texnik asbob uskunalarning qiyoslov ko‘rigidan o‘tganligini tasdiqlovchi sertifikatlarni ko‘rsata olmagan. Yuqoridagi holatlar amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasi talablarini buzilishi hisoblanadi.
Farg‘ona shahri va Rishton tumani VSE laboratoriyalariga kirish qismini iste’molchilarga ko‘rinarli joyiga tashkilot nomi, joylashgan (yuridik) manzili va ish tartibini ko‘rsatuvchi peshlavhalar qo‘yilmagan bo‘lsa, Farg‘ona tumani (Chimyon va Mindon Dehqon bozorlariga xizmat ko‘rsatuvchi laboratoriya) va Buvayda tumani VSE laboratoriyalarida ish tartibi to‘g‘risida ma’lumotlar qo‘yilmagan. Ushbu holatlar amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasida ko‘rsatilgan talablarning to‘laqonli ijrosi ta’minlanmaganligini ko‘rsatadi.
VSE laboratoriyalarida ko‘rsatiladigan xizmatlarning pulli asoslarda yoki bepul amalga oshirilishi bo‘yicha ma’lumotlar qo‘yilmagan.
Rishton tumanida Markaziy Dehqon bozorining qurilish ishlari yakuniga yetmaganligi sababli VSE laboratoriyasi xodimlari uchun alohida bino va xonalar tashkil qilinmaganligi, bozor hududida sotilayotgan mahsulotlarni ekspertizadan o‘tkazish uchun tuman SEOJSXga olib borilayotganligi kuzatilgan.
Ayrim bozorlardagi VSE laboratoriyalari, xususan Buvayda tuman Dehqon bozoridagi VSE laboratoriyasi tomonidan bozor hududida sotilayotgan bir necha turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari uchun bitta xulosa (“meva-sabzavotlar” shaklida) yozib berilganligi holati kuzatildi. Ushbu holat sotuvchiga bitta xulosa bilan ekspertizadan o‘tmagan bir necha mahsulotlarni qo‘shib sotish imkoniyatini yaratib beradi.
Shuning bilan birgalikda, Dehqon bozorlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar doirasida sotuvchilar tomonidan ishlatilayotgan bozor ma’muriyatiga tegishli hamda shaxsiy tarozilarning aksariyati navbatdagi davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmaganligi yoxud ayrim shaxsiy tarozilarning umuman davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmasdan foydalanilayotganligi holatlariga ham duch kelindi.
O‘tkazilgan o‘rganish yakunlari bo‘yicha jamlama ma’lumotnoma tegishli chora-tadbirlarni ko‘rilishi uchun mazkur soha bo‘yicha mas’ul idoralarga yuborildi.
Otabek Millaboev
Hududiy birlashma monitoring sektori boshlig‘i