Korxona darz ketgan shiferlarni almashtirib berdi

Oltariq tumani Navbahor mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi S.Sultonovning, tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga, xonadoni tomiga o‘rnatilgan shiferlarning darz ketganligi masalasidagi murojaati Rishton tuman jamiyati bilan hamkorlikda o‘rganib chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha, S.Sultonov Rishton tumani To‘da mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan qurilish mollari do‘konidan “Quvasoy shifer” zavodida ishlab chiqarilgan 100 dona shiferni 3 mln 800 ming so‘mga xarid qilib olgan. Oradan 4-5 oy o‘tib ustalar yordamida xonadonining tom qismiga o‘rnatilgan shiferlarning 30 donasi darz ketgan. Iste’molchining mazkur masalada sotuvchiga qilgan murojaatlari esa ijobiy yechim topmagan.

Murojaatni tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlarida “Quvasoy shifer” zavodidan mas’ul xodim ham ishtirok etdi. O‘rganuv doirasida tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi hamda o‘rganish ishlari yakunlari bilan ishlab chiqaruvchi korxona S.Sultonov xonadoniga darz ketgan shiferlar o‘rniga 30 dona shiferlarni yetkazib berdi.

Xusniddin Latipov
Rishton tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi