“ISTE’MOL MADANIYATI” gazetasi besh yoshga to‘ldi

Bundan besh yil avval, 2017 yilning 18 yanvarida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi muassisligidagi “ISTE’MOL MADANIYATI” ijtimoiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy gazetasining nishona soni chop etilib, o‘quvchilar e’tiboriga taqdim etilgan edi.

Gazeta ilk sonidanoq o‘quvchilar, ijodkorlar, matbuot vakillarining e’tibor va e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Buni o‘sha davrda yurtimizda esa boshlangan matbuot va so‘z erkinligi epkini, muassis tomonidan berilgan o‘rinli tavsiyalar, tajribali jurnalist va huquqshunoslar, dizaynerlarning nashrimizga jalb etilgani bilan izohlash mumkin.

Tahririyatning professional jurnalistlardan iborat ixcham jamoasi mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy, huquqiy islohotlar jarayonini, ma’naviy-ma’rifiy o‘zgarishlarni tahlil etish, iste’molchilarni o‘ylantirib kelayotgan muammolarni jamoatchilik muhokamasiga olib chiqish, OQILONA TEJAMKORLIKKA ASOSLANGAN YuKSAK ISTE’MOL MADANIYaTINI targ‘ib etishga katta ishtiyoq bilan kirishdi. Jamoatchilik nazoratining ta’sirchan usullarini tatbiq etishga asosiy e’tiborni qaratdi.

Federatsiya faoliyatida oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida jamoatchilikka federatsiya faoliyatiga doir ma’lumotlarni batafsil yetkazish, joylarda iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni muntazam, tizimli yoritishga e’tibor qaratildi.

Tahririyat o‘z Ustavida belgilangan maqsad va vazifalarga muvofiq:

– dolzarb ijtimoiy-siyosiy, huquqiy muammolarga doir tahliliy maqolalar chop etib kelmoqda;

– iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning mustahkam huquqiy bazasini tashkil etish va iste’mol bozorini tartibga solish bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat siyosatini muntazam targ‘ib etmoqda;

– iste’molchilarning huquq va erkinliklarini ta’minlash muammolariga keng jamoatchilikning e’tiborini qaratishga ustuvor ahamiyat berib kelmoqda;

– fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, aholining, birinchi navbatda yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga doir targ‘ibot maqolalarga katta o‘rin berilmoqda;

– Federatsiya faoliyatida oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida jamoatchilikka federatsiya faoliyatiga doir ma’lumotlarni batafsil yetkazishga e’tibor qaratilmoqda. Federatsiyaning joylarda iste’molchilar qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, profilaktika va targ‘ibot ishlarini tashkil qilishga oid faoliyati muntazam yoritib kelinayapti.

– NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining rolini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qonunchilik talablaridan kelib chiqib, Federatsiyaning davlat va nodavlat tuzilmalar bilan hamkorligi keng yoritilmoqda;

– Huquqiy mavzudagi maqolalar muntazam berib borilmoqda, yangi qonun hujjatlarini aholining barcha qatlamlariga tushunarli tarzda yetkazishga e’tibor qaratilmoqda.
Jamoaning asosiy qismini huquqiy yo‘nalishda ijod qiluvchi jurnalistlar tashkil etgani bois, gazetada iste’molchilarning huquqiy himoyalanish darajasini oshirishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, iste’mol tovarlarining zarur sifati va xavfsizligini ta’minlash muammolariga bag‘ishlangan tanqidiy tahlil, amaliy takliflarga tayanilgan maqolarga keng o‘rin berilayapti.

Gazeta nomi, faoliyat maqsadidan kelib chiqib har bir sonda iste’mol madaniyatiga doir tavsiyalar, maslahatlar berib borilmoqda. Targ‘ibotning ta’sirchan usullaridan foydalanilmoqda.
Gazeta sahifalarida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi maqolarga ham munosib o‘rin ajratib kelinayapti. Xususan, jamiyatda kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirishga hissa qo‘shish maqsadida gazetaning har bir sonida o‘zbek va jahon adabiyotidan sara hikoyalar e’lon qilib kelinayapti.

O‘ylaymizki, tahririyat jamoasi bundan keyin ham umumiy madaniyatning ajralmas qismi bo‘lgan iste’mol madaniyatini faol targ‘ib etishda davom etadi. Yurt ravnaqi, xalq farovonligiga to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday ijtimoiy muammoga o‘zining murosasiz munosabatini ochiq bildiradi.

Ushbu sana munosabati bilan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi jamoasini, Federatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, soha rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizni tabriklaymiz!

Jahongir SARIMSOQOV,
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi