Noreal qarzdorlik bartaraf etildi

Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida I.Ablkelyamovning O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi. Iste’molchi murojaatida gaz ta’minoti masalasidagi o‘z e’tirozlarini bildirib o‘tgan.

Mazkur murojaat «Hududgaz Farg‘ona» gaz ta’minoti filiali Farg‘ona shahar bo‘limi hamkorligida o‘rganilganda, iste’molchining e’tirozlari o‘rinli ekanligi qayd qilindi. O‘rganishga gaz ta’minoti idorasi tomonidan 10.06.2022 yil kunida taqdim qilingan javob xatiga ko‘ra, iste’molchining foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlari qayta hisob-kitob qilinishi natijalariga muvofiq uning xonadonidagi gaz hisoblagich ko‘rsatkichi 1917 metr kub bo‘lgani holda, «Billinggaz» dasturi bilan solishtirilganda 279385.35 (ikki yuz yetmish to‘qqiz ming uch yuz sakson besh so‘m o‘ttiz besh tiyin) noreal qarzdorlik vujudga kelganligi, holat yuzasidan tegishli hujjatlar jamlanib, noreal qarzdorlikni bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘rilganligi va 25.06.2022 yil kuniga bu ishlar ijobiy hal qilinishi ma’lum qilingan.

Shundan so‘ng Farg‘ona shahar jamiyati tomonidan o‘rganish natijalari yuzasidan iste’molchiga rasmiy javob yuborilgan.

Azamatjon Babayev
Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassisi