Aholini ro‘yxatga olish – statistika tizimida asosiy o‘rinni egalaydi

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan. Aholi soniga, yosh-jins tarkibiga keskin ta’sir ko‘rsatgan o‘zgarishlar, respublika hududidagi aholi joylashuvi xususiyatlari va boshqa ijtimoiy-demografik o‘ziga xosliklar aholining joriy hisobiga oid mavjud ma’lumotlarni qo‘llashni sezilarli darajada cheklamoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015 yil 10-iyundagi “2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi tamoyillar va tavsiyalar” rezolyusiyasiga tayanab, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 iyilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-sonli qarori qabul qilindi. Bunda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning maqsadi, asosiy vazifalari va bosqichlari belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra aholini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barcha aholiga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil qilish va e’lon qilishning yagona jarayonini o‘z ichiga olib, aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbai hisoblanadi va u kelgusi 10-30 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Hududlarni rivojlantirish va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muxtoj qatlamlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha siyosiy va boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun zarur ma’lumotlarni olish imkonini beradi.

O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi vakolatlari dorasida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarini o‘z vaqtida hamda sifatli bajarish, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlar jarayonini muvofiqlashtirish va monitoringini yuritish, olingan ma’lumotlarni tahlil qilish, moliyalashtirish, xujjatlarga ishlov berish, yakuniy natijalarini e’lon qilish, aholini ro‘yxatga olishga o‘tkazishda ishtirok etgan jismoniy va yuridik shaxslar mehnatiga haq to‘lash hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni amalga oshirish kabi vazifalar yuklatilgan. Yagona hisobga olish davrida aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma’lumot darajasi, yashash sharoiti va boshqa demografik, ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlari bo‘yicha olingan ma’lumotlar rasmiy statistika tizimida asosiy rol o‘ynaydi.

Quvvatbek Sodikov
Quvasoy shahar statistika bo‘limi boshlig‘i