Iste’molchi huquqlarini himoya qilish tartibi

Annotasiya: Ushbu maqola iste’molchilarning huquqlariga bag‘ishlanib, unda amaldagi qonunchilik normalariga asoslangan holda huquqlarning ta’minlanishi va qonunchilik buzilishi holatlarida qanday yo‘l tutilishi haqida so‘z boradi.
Tayanch so‘zlar: Iste’molchi, tovar, ishlab chiqaruvchi, xarid, kassa cheki, ma’naviy zarar, iste’molchilar birlashmalari.

Har bir davlat o‘zining hududida fuqarolarining huquq va majburiyatlarini qonun yo‘li bilan tartibga solish jarayonida jamiyatda ijtimoiy adolat muhitini shakllantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Mamlakatimizning Konstitusiyasida belgilab qo‘yilganidek, davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlagan holatda amalga oshirib bormoqda. Davlat taraqqiy etib borgani sari unda yashovchi fuqarolarining ham ehtiyojlari ortib boradi, bu esa tovar ishlab chiqarish jarayonini yanada kengayishi uchun asos bo‘ladi. Albatta tovar ishlab chiqarish jarayonida sifat talablariga javob beradigan mahsulotlarni iste’mol qilish har birimizning hayotimiz uchun zarurdir. Iste’molchi, albatta, o‘zining moddiy va ma’naviy jihatdan iste’mol qilayotgan narsalariga e’tibor qaratmog‘i zarurdir. Iste’molchi so‘zining huquqiy asosiga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak.
Iste’molchi — foyda chiqarib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsiy iste’mol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda bo‘lgan fuqaro (jismoniy shaxs ) hisoblanadi. Iste’molchi, albatta, o‘z ehtiyojiga qarab sotib olgan mahsulotiga kassa chekini olmog‘i zarurdir. Kassa chekida tovarning sotib olinganligi yoki ish(xizmat)ning haqi to‘langanligini tasdiqlaydigan, tovar (ish, xizmat)ning bahosi, haq to‘langan sana va kassa apparatining nomeri ko‘rsatilgan bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga asosan iste’molchilar quyidagi huquqlarga ega: tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish; tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishi; tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz bo‘lishi; hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning to‘liq hajmda qoplanishi; buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini so‘rab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish; iste’molchilarning jamoat birlashmalarini tuzish. Iste’molchilarning ijtimoiy himoyaga muhtojlar toifasiga kiritilgan ayrim guruhlari uchun qonunchilik bilan savdo, maishiy xizmat va xizmat ko‘rsatishning boshqa turlari bo‘yicha imtiyozlar va afzalliklar belgilanishi mumkinligi qonun bilan belgilab qo‘yilgan. Iste’molchi tovardan foydalanishi davomida unda nuqsonlar aniqlanganda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida esa, iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart ekanligi belgilab qo‘yilgan. Qonunchilikda iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozimligi, ma’naviy zarar esa uni yetkazgan shaxs tomonidan to‘lanishi, zarar uchun to‘lanadigan haq miqdorini sud belgilashi ko‘rsatib o‘tilgan.
Albatta fuqarolar o‘z huquqlarini himoya qilish uchun iste’molchilar birlashmalarini tuzishlari mumkin. Iste’molchilarning jamoat birlashmalari o‘z faoliyatida quyidagi huquqlarga ega hisoblanadi: vakolatli davlat organlariga iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish; iste’molchilarga axborotga oid va maslahat xizmatlari ko‘rsatish, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida ijtimoiy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazish, ularning natijalariga ko‘ra tayyorlangan takliflar va tavsiyalarni vakolatli davlat organlariga taqdim etish hamda e’lon qilish; aholining iste’molchilikka oid savodxonligini oshirish bo‘yicha ma’rifiy ishlarni amalga oshirish; iste’molchilarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishda vakolatli davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlik qilish hamda ularga ko‘maklashish. Iste’molchilarning jamoat birlashmalari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. Xulosa qilib aytganda har bir davrada iste’mol savatchasidagi tovarlar soni ortib borgan sari unga muqobil ravishda qonunchilikda muhim o‘zgarishlarni amalga oshirishni zamonni o‘zi taqozo etib turaveradi.

Foydalanilgan adabiyotlar.
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi. Toshkent “Adolat” 2019
2. O‘zbekiston Respublikasi Yuridik ensiklopediyasi. Toshkent “Adolat” 2010
3. O‘zbekiston Respublikasi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi 221-I-26.04.1996-yil qonuni.

Madinaxon Mirodilova
FarDU Filologiya fakulteti 20-97 V guruh talabasi