Iste’molchi qarzdor emas, balki oldindan to‘lovdaligi ma’lum bo‘ldi

Qo‘qon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga shaharning Huvaydo ko‘chasida yashovchi fuqaro A. S. dan kelib tushgan yozma murojaat o‘rganildi.

Fuqaroning ma’lum qilishicha, u iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun to‘lovlarni amalga oshirib kelayotgan bo‘lsada, negadir oxirgi marotaba shahar gaz idorasiga to‘lovni amalga oshirish va o‘z shaxsiy hisob raqami holatini bilish maqsadida tashrif buyurganida unga 6 million so‘m miqdorida qarzdorligi mavjudligini ma’lum qilishib, qarzdorlikni bartaraf qilib qo‘yish kerakligini aytishgan. Murojaatida u xonadoniga o‘rnatilgan gaz hisoblagich ko‘rsatkichlari bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirib kelishini va ushbu holatga oydinlik kiritib berilishini so‘ragan.
Murojaat asosida shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlarida iste’molchining vajlari o‘rinli ekanligi ma’lum bo‘lib, xonadonga o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunasi ko‘rsatkichlari hamda iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun amalga oshirilgan to‘lovlar asosida o‘tkazilgan qayta hisob-kitoblar natijasida iste’molchida 331 metr kub tabiiy gaz uchun oldindan to‘lov ham mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

O‘rganish ishlari davomida tomonlarga amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari bo‘yicha tushunutirishlar berilib, iste’molchiga nisbatan hisoblangan asossiz qarzdorlik summasini bartaraf etilishi choralarini ko‘rish maqsadida shahar gaz idorasi tomonidan ushbu masalani hal etish bilan bog‘liq hujjatlar tayyorlanib, yuqori turuvchi idorasiga yuborilishi chora-tadbirlari belgilandi.

Muhammadjon O‘lmasov
Qo‘qon shahar jamiyati mutaxassisi